Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muloqot qildi

Suhbat chog‘ida Blinken 5 aprel kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan AQSH, Yevropa Ittifoqi va Armaniston o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuv Ozarbayjon tomonida xavotir uyg‘otishi o‘rinsizligini ta’kidlagan.

2125090
Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan muloqot qildi

 

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qildi. Bu haqda Aliyevning axborot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, suhbat chog‘ida Blinken 5 aprel kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadigan AQSH, Yevropa Ittifoqi va Armaniston o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuv Ozarbayjon tomonida xavotir uyg‘otishi o‘rinsizligini ta’kidlagan. Davlat kotibi uchrashuvdan maqsad – Armanistonni iqtisodiy rivojlantirish masalalarini muhokama qilish ekanini aytgan. 

AQSH Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, telefon orqali suhbat chog‘ida Davlat kotibi AQSH va Ozarbayjonning ikki tomonlama munosabatlari muhimligini ta’kidlab, energiya resurslari va iqlim muammolariga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlik tashabbuslariga to‘xtalgan.

Ma’lumot uchun, oldinroq Ozarbayjon tomoni uch tomonlama uchrashuvga tayyorgarlik jarayonida Armanistonga harbiy yordam ko‘rsatish va qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazish, chegaradosh hududlarda harbiy infratuzilma yaratish kabi masalalar ko‘tarilganidan xavotir bildirgandi. 

Shundan kelib chiqib, Ilhom Aliyev Ozarbayjonga qarshi bunday qadamlar, jumladan, Fransiyaning Armanistonni qurollantirish siyosati mintaqada provokatsiyalarga sabab bo‘lishidan ogohlantirgan. Suhbat chog‘ida u Tashqi ishlar vazirlarining Berlindagi tinchlik kelishuvi matni yuzasidan muzokaralar jarayonini tezlashtirish kerakligini aytgan.

Aliyev, shuningdek, G‘arbda Ozarbayjon Armanistonga hujum qilmoqchi, degan ayblovlar mutlaqo asossizligini qo‘shimcha qilgan. Entoni Blinken esa Bryusselda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuv Ozarbayjonga qarshi qaratilgan emasligini alohida urg‘ulagan. 

Avvalroq, Vashingtonning Baku bilan bog‘liq so‘nggi bayonotlari va qadamlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy putur yetkazgandi.

Ertaga Bryusselda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, AQSh Davlat kotibi Blinken va Yevropa Ittifoqi komissiyasi rahbari Ursula fon der Leyen uch tomonlama uchrashuv o‘tkazadi.


Tanlangan kalimalar: #AQSh , #Ozarbayjon , #Ilhom Aliyev , #Entoni Blinken

Aloqador xabarlar