Gruziya poytaxti Tbilisida parlament binosi oldida namoyish bo'lib o'tdi

Qayd etilishicha, namoyishlar Respublika maydonida boshlangan, u yerda 20 mingga yaqin odam — Gruziya nodavlat tashkilotlari, muxolifat partiyalari a’zolari va ularning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan fuqarolar yig‘ilgan.

2133289
Gruziya poytaxti Tbilisida parlament binosi oldida namoyish bo'lib o'tdi

 

Bugun, 29 aprelga o‘tar kechasi Gruziya poytaxti Tbilisida parlament binosi yonida Rossiyaning “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunining o‘xshashi bo‘lgan “Xorijiy ta’sirning ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga qarshi yana namoyish bo‘lib o‘tdi. 

Qayd etilishicha, namoyishlar Respublika maydonida boshlangan, u yerda 20 mingga yaqin odam — Gruziya nodavlat tashkilotlari, muxolifat partiyalari a’zolari va ularning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan fuqarolar yig‘ilgan. Parlament binosi yaqinidagi hudud Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini ushlab turgan namoyishchilar bilan to‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, bugun, 29 aprel kuni hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi qonunni qo‘llab-quvvatlovchi miting o‘tkazishni rejalashtirgan va shu maqsadda Gruziya poytaxtining markaziy ko‘chasi Rustaveli prospektida sahna tayyorlagan.

Gruziya Ichki ishlar vazirligi o‘z saytida odamlarni qonun bilan ruxsat etilgan yig‘ilishlar erkinligi chegarasidan chiqmaslikka va parlament oldida o‘rnatilgan sahnani buzmaslikka chaqirgan bayonot e’lon qildi.

“Har qanday qonunbuzarlik politsiya tomonidan darhol bostiriladi”, deyiladi bayonotda.

Biroq minglab odamlarning namoyishida vaziyat keskinlashdi. Bir necha yuz nafar politsiyachi tayoq va ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalanib, namoyishchilarni hibsga olishni boshladi.

“Rasmiylar bu yerga qo‘shimcha maxsus kuchlar va politsiya kuchlarini joylashtirmoqchi. Namoyishchilarni parlament binosi yonidagi ko‘chalardan itarib yuborgan maxsus kuchlar to‘xtadi va Rustaveli prospektiga suv reaktiv mashinasi keltirildi”, deb yozadi mahalliy matbuot.

Parlamentdagi ko'pchilik yetakchisi Mamuka Mdinaradze, taxminan ikki hafta oldin qilgan bayonotida, Gruziyada faoliyat yuritayotgan nohukumat tashkilotlarni moliyalashtirishning 90 foizdan ortig'i shaffof emasligini ta'kidladi.

Mdinaradze, o'z mamlakatidagi xalqaro moliya institutlari tomonidan Gruziyadagi nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari kabi muassasalarga taqdim etilgan moliyalashtirish haqida shaffof ma'lumot olishning imkoni yo'qligini ta'kidlab, "Chet el ta'sirining ochiqligi" haqidagi qonun loyihasini qayta taqdim etishga qaror qilganini bildirdi.

Qayd etish joizki, so‘nggi bir necha kun ichida Gruziyada muxolifat kuchlari parlament tomonidan “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazib, uni Gruziya parlamentidan chiqarib olishni talab qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi ham Gruziya hukumatini “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qaytarib olishga chaqirmoqda.

Ma’lumot uchun, Gruziya parlamenti qonun loyihasini 17 aprel kuni birinchi o‘qishda qabul qildi. "Chet el agentlari" qonunining Gruziya versiyasiga ko‘ra, moliyalashtirishning 20 foizdan ko‘prog‘ini xorijdan oladigan nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalarining xorijiy manfaatdor tashkilotlar sifatida ro‘yxatdan o‘tishini talab qiladi.


Tanlangan kalimalar: #Gruziya

Aloqador xabarlar