o-zbekiston-afg-onistondagi-zilziladan-keyin-ushbu-davlatga-74-tonna-gumanitar-y

O‘zbekiston Afg‘onistondagi zilziladan keyin ushbu davlatga 74 tonna gumanitar yordam jo‘natdi

O‘zbekiston Afg‘onistonga 74 tonna gumanitar yordam jo‘natgan.

28 Haziran 2022 10:49

 

O‘zbekiston hukumati o‘tgan hafta zilziladan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga 74 tonna gumanitar yordam jo‘natgan.

Un, o‘simlik yog‘i, konserva, kiyim-kechak, dori-darmon va tibbiy buyumlardan iborat gumanitar yordam Afg‘oniston poytaxti Kobulga 2 ta yuk samolyoti orqali yetkazildi.

Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus  vakili Ismatulla Ergashev  boshchiligida insonparvarlik yordami Afgʻoniston hukumatiga yetkazildi.

Gumanitar yordamni qabul qilish marosimida so‘zga chiqqan Tolibon  hukumati  Axborot va madaniyat vaziri o‘rinbosari Xayrulloh Xayrhva bu yordam ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarining yorqin namunasi ekanini ta’kidladi. U ushbu og‘ir kunda afg‘on xalqiga yuborgan insonparvarlik yordami uchun O‘zbekiston Prezidenti, hukumati va xalqiga minnatdorlik bildirdi.

Gumanitar yordam Afgʻonistondagi zilziladan jabr koʻrgan minglab insonlarning hayotini saqlab qolishini taʼkidlagan Xayrhva:

 “Oʻzbekistonning samimiy qoʻllab-quvvatlashi qardoshlik rishtalarimizni yanada mustahkamlash, xalqlarimiz va mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishiga ishonamiz”,-dedi.

Ergashev mazkur yordam zilziladan jabr ko‘rgan afg‘on xalqi uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va asosiy ehtiyoj mahsulotlaridan iborat ekanini, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami yetkazilishi O‘zbekiston Prezidentining shaxsiy tashabbusi ekanini ta’kidladi.

Eslatib o’tamiz, O‘zbekiston Afg‘onistonga Ramazon hayiti oldidan temir yo‘l orqali 4 ming tonna gumanitar yordam jo‘natgan edi.

Afg‘onistonning Paktika viloyatida 22-iyun kuni sodir bo‘lgan 5,9 magnitudali zilzila oqibatida kamida 1150 kishi halok bo‘lgani, 1600 kishi jarohatlangani xabar qilingan edi.

Yangiliklar