turkiya-aviatsiyasi-tarixining-inqilobi-t-629

Turkiya aviatsiyasi tarixining inqilobi-T-629

"T-629 elektrikli va uchuvchisiz hujum vertolyoti" ushbu jabhada katta shov-shuvlarga sabab bo'ldi. Ajablanarlisi shundaki, vertolyot shovqinsiz "jimjit" faoliyat ko'rsatadi

28 Şubat 2021 11:41

Dunyodagi boshqa elektr vertolyotlariga o'xshamaydigan ushbu vertolyot Turkiya uchun qanday ahamiyatga ega? Turkiya harbiy aviatsiyasi faoliyatiga qay darajada hissa qo'shadi, nima o'zgaradi?

Va uchuvchisiz hujum vertolyoti TCG-Anadolu ko'p maqsadli harbiy hujum kemasida ishlatiladimi? Mudofaa sanoati tadqiqotchisi Yusuf Akbaba shu va boshqa savollarga javob berdi.

Yusuf Akbabadan T-629 fotosuratlarini birinchi marta ko'rganida ko’proq nimalar uning e'tiborini tortganligini so'raganimizda, u shunday javob berdi: "Jangovar stansiyasi chag’alay (chayka) qanotiga o'xshaydi".

Vertolyotning turli nuqtalarida atrof-muhit yuzasidan hushyorlikni oshirish uchun ko'plab kameralar o'rnatilganligi to'g'risida ma'lumot bergan Akbaba dvigatel haqidagi cheklangan ma'lumotlarning o’zi ham ushbu yangi vertolyotni "inqilob darajasida" deb hisoblash uchun yetarli deb ta’kidlagan.

Uchuvchisiz bo’lganligi sababli vertolyotning shiddatli o'qqa tutilgan hududlarga ham shaxsiy tarkibni yo'qotish xavfisiz kirishi mumkinligiga diqqat qaratgan Yusuf Akbaba so'zlarini quyidagicha davom ettirdi:

"U bizning piyodalarimiz va zirhli texnikamizni kuchli otishma muhitida ham qo'llab-quvvatlashi mumkin. Hozirgi “Atak” vertolyoti odatda havo hujumiga qarshi mudofaa ta’minlangan  joylarda qo'llaniladi. Boshqacha qilib aytganda, biz past darajadagi xavfli hududlardagina uni qo’llash imkoniyatiga egamiz. Endi hamma narsa o'zgarishi mumkin ...

Biz vertolyotni yo'qotish xavfini e’tiborga olgan holda  T-629 ni dushmanning havo hujumi, mudofaa zonasiga yaqin joylarda bizni qo'llab-quvvatlashi uchun ishlatishimiz mumkin.

Bundan tashqari, ushbu vertolyot razvedka va kuzatuv borasida ham qo’llanilishi mumkin.

Elektr motoriga kelsak, dvigatelning “jimjitlik” yaratishi yani ovozsiz ishlashi katta qulayliklar yaratadi.

Mana shu jihatdan vertolyotni nafaqat maxsus operatsiyalarda, balki jangovar harakatlarning barcha sohalarida bemalol qo’llash mumkin”

 

Yangiliklar