Toshkent va Ankara hokimlari “Birodarlashuv aloqalarini o‘rnatganlik haqida”gi memorandumni imzoladi

Kuni kecha Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev Ankara shahri hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

1278331
Toshkent va Ankara hokimlari “Birodarlashuv aloqalarini o‘rnatganlik haqida”gi memorandumni imzoladi

 

Kuni kecha Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev Ankara shahri hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zaro muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Toshkent shahar hokimi oxirgi 3 yilda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida yangi davr kuzatilayotganligini qayd etdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga tashrifi davomida 30dan ortiq loyihalarni amalga oshirish borasida 3,5 milliard dollar hajmidagi bitimlar imzolanganligi hamda hozirda qator sohalardagi aloqalar rivojlanib borayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

Ankara shahri hokimi Mansur Yavash Toshkent shahar hokimi va hokimlik vakillariga samimiy va do‘stona mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat va ikki shahar o‘rtasidagi munosabatlarning taraqqiy etishi o‘zaro manfaatli ekanligini aytib o‘tdi.

Savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalari kengayib borayotganliga e’tibor qaratib, hozirda O‘zbekistonda 500 ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat yuritayotgani, o‘zaro savdo aylanmasi 2 mlrd. AQSh dollariga yetganligini aytib o‘tdi.

16 sentyabr Toshkent va Ankara munosabatlari tarixida unutilmas kun sifatida muhrlandi. Ikki shahar hokimlari qardoshlik, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni yanada yangi pog‘onaga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim hujjat “Birodarlashuv aloqalarini o‘rnatganlik haqida”gi memorandumni imzolashdi.

Toshkent shahar hokimi bu hujjat azaldan do‘st va hamfikr bo‘lgan ikki davlat, ikki shahar o‘rtasidagi aloqalar istiqbolida nihoyatda ahamiyatli ekanligini, iqtisodiyot, sanoat, shaharsozlik, san’at, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Mansur Yavash ayni paytda Ankarada “O‘zbekiston” nomli 3 ta, “Toshkent” deb yuritiluvchi 12 ta, “Samarqand” nomli 8 ta va “Buxoro” deb ataluvchi 11 ta ko‘cha borligini aytib, o‘zaro do‘stlik va birodarlik timsoli sifatida Toshkentdagi ko‘chalarning birini “Ankara” deb nomlashni taklif etdi. Shuningdek, hamkorlikka oid boshqa takliflarni bildirdi.

Ankara shahar hokimi Mansur Yavvash boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Toshkentning diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, shahar tarixi, taraqqiyoti va bugungi kuni bilan tanishishdi.



Aloqador xabarlar