Turkiya-Ozarbayjon-Turkmaniston qo'shma bayonoti

Turkiya, Ozarbayjon va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirlari uch tomonlama uchrashuvdan keyin qo'shma bayonotni imzoladilar.

1590286
Turkiya-Ozarbayjon-Turkmaniston qo'shma bayonoti

 

Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho’g’li, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov uch tomonlama uchrashuv o’tkazdilar. Ushbu uchrashuv uchala mamlakat tashqi ishlar vazirlarining 5-yig’ilishi bo’ldi. Uchrashuvdan so'ng qo'shma bayonot e'lon qilindi.

Tomonlar 2014 yil 26 mayda Bakuda, 2015 yil 29 yanvarda Ashxobodda, 2015 yil 28 avgustda Antaliyada va 2017 yil 19 iyulda Bakuda bo'lib o'tgan uch tomonlama uchrashuvlarda e'lon qilingan deklaratsiyalarga sodiqligini tasdiqladilar.

 

Tinchlik, barqarorlik va farovonlik

Tomonlar mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlik o’rnatish birlamchi masala ekanligini ta'kidlab, ko'p tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish uchun Turkmaniston-Turkiya-Ozarbayjon uch tomonlama mexanizmining ahamiyatiga diqqat qaratdilar. Ular terrorizm, separatizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar, noqonuniy qurollar, kontrabanda, madaniy va tarixiy qadriyatlarni o'g'irlash, kiberhujumlar va noqonuniy immigratsiya bilan kurashish bo'yicha hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

 

Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish

Bayonotda Turkiya, Ozarbayjon va Turkmaniston o'rtasidagi iqtisodiy sheriklikning huquqiy asoslari hamda uch tomonlama iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash muhimligi ta'kidlangan. Tomonlar bojxona, energetika, transport, telekommunikatsiya, sanoat, qishloq xo'jaligi, fan, ta'lim, madaniyat, turizm va atrof-muhitni himoya qilish sohasidagi qo'shma loyihalarni amalga oshirish orqali hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

 

Transport va infratuzilma loyihalari

Tomonlar mintaqaning tranzit salohiyatini, shu jumladan "Sharq-G'arb" Kaspiy transport koridorini mustahkamlash sa'y-harakatlariga diqqat qaratdi. Turkmanboshi (Turkmaniston) va Olot (Ozarbayjon) bandargohlari o'rtasidagi dengiz transport yo’lining samarali ishlashiga alohida e'tibor qaratildi.

 

Energetika sohasidagi hamkorlik

Bayonotda energetika sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalasi alohida ta'kidlandi. Tomonlar Ozarbayjonning tabiiy gazi va Turkmanistonning energiya manbalarini avval Turkiyaga, so'ngra Yevropaga etkazib berishga qaratilgan loyihalarni qo'llab-quvvatlashda davom etadilar.


Tanlangan kalimalar: #Turkmaniston , #Ozarbayjon , #Turkiya

Aloqador xabarlar