Ozarbayjon qo’shini ishg'oldan ozod qilingan Kalbajar tumaniga kirdi

Armanistonga berilgan qo’shimcha muxlat kecha to’lganligi sababli Ozarbayjon qo’shini Kalbajar tumaniga kirib bordi. Harbiylar tog‘li yo‘llarni to’g’rilash va hududni minalardan tozalash ishlarini olib boradi.

1533778
Ozarbayjon qo’shini ishg'oldan ozod qilingan Kalbajar tumaniga kirdi

 

Ozarbayjon qo’shini 27 yillik ishg’oldan so’ng, Kalbajar tumaniga kirdi.

Ozarbayjon va Armaniston o’rtasida imzolangan kelishuvga muvofiq, 10 noyabrdan boshlab Tog’li Qorabog’dagi urush to’xtatildi. Armaniston Ozarbayjonga mag’lub bo’lganligini rasman tan oldi.

Kelishuvga binoan, Armaniston Tog’li Qorabog’da yetti hududni tark etishga rozi bo’ldi.

Kelishuvga ko‘ra, Armaniston Kalbajar tumanini 15 noyabrda tark etishi kerak edi. Biroq, Ozarbayjon rahbariyati Yerevanning talabi bilan tinch aholi belgilangan muddatgacha ushbu hududni tark etishga ulgura olmagani sababli qo‘shin kiritilishini 25 noyabrgacha qoldirishga rozi bo‘lgandi.

Armanistonga berilgan qo’shimcha muxlat kecha to’lganligi sababli Ozarbayjon qo’shini Kalbajar tumaniga kirib bordi. Harbiylar tog‘li yo‘llarni to’g’rilash va hududni minalardan tozalash ishlarini olib boradi.       

Internet tarmoqlarida va Rossiya xabar saytlarida tarqalgan video tasvirlarda Kalbajarni tark etayotgan armanlar ketayotib uylarga, maktablarga va davlat binolariga, hatto daraxtlarga o’t qo’yib ketayotganligi, ba’zi muqaddas maskanlarni toptab, vayron qilganligi kuzatiladi.

Eslatish joizki, Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi jangovar harakatlarni to‘xtatish to’g’risidagi kelishuv 10 noyabrda imzolangandi. Kelishuvga ko’ra, Armaniston Ozarbayjonga ma'lum hududlarni qaytarib berishi, ushbu hududlardan Armaniston qo‘shinlarining olib chiqilishi va Rossiya–Turkiya tinchlikparvar kuchlari kiritilishi ko‘zda tutilgandi. 

Ma’lumotga ko’ra, 1 dekabrgacha Ag‘dam va Lochin tumanlari ham Ozarbayjonga topshiriladi.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Kalbajar , #Armaniston , #Ozarbayjon

Aloqador xabarlar