O'zbekistondan xabarlar 26-qism

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi xalqaro hamkorlik: COVID-19 ga qarshi kurashda birdamlik” mavzusidagi videokonferensiyada ishtirok etdi.

1440783
O'zbekistondan xabarlar 26-qism

 

“Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi xalqaro hamkorlik boʻyicha videokonferensiya toʻgʻrisida


Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi xalqaro hamkorlik: SOVID-19 ga qarshi kurashda birdamlik” mavzusidagi videokonferensiyada ishtirok etdi.

Tadbirda Afrika, Janubiy Amerika, Osiyo va Yevropaning 26 davlati tashqi siyosat idoralari rahbarlari, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh kotibi Tedros Adhanom Gebreyesus va BMT Taraqqiyot dasturi administratori Akim Stayner ishtirok etdi.

Videoanjumanda koronavirus tarqalishiga qarshi xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirish, kasallik oqibatlarini bartaraf etish, savdo-iqtisodiy aloqalarni qayta tiklash, hozirgi sharoitda loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari va koʻp tomonlama munosabatlarning boshqa istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston TIV rahbari oʻz nutqida mazkur tadbirning dolzarbligini alohida taʼkidlab, uchrashuv pandemiya sabab yuzaga chiqayotgan ijtimoiy, iqtisodiy va gumanitar masalalarni samarali hal qilishni muvofiqlashtirish darajasini koʻtarish imkonini berishini qayd etdi.
Konferensiya ishtirokchilariga aholining epidemiologik xavfsizligini taʼminlash, ijtimoiy soha, xususiy sektor va iqtisodiyot tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qabul qilingan choralar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.
Vazir transport kommunikatsiyalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash mexanizmini yaratish zarurligini hamda avtomobilda yuk tashish uchun infratuzilmani takomillashtirishning ahamiyatini taʼkidladi. U “Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” temir yoʻlini loyihalashtirish va qurish muhimligini eʼtirof etdi.

Global pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari savdosini qayta yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, sanitar-gigiyenik xavfsizlikni taʼminlagan holda turistik xizmatlar koʻrsatish sohasini faollashtirishning xalqaro iqtisodiy aloqalarni qayta tiklashdagi ahamiyatiga ham toʻxtalib oʻtildi.

Raqamli iqtisodiyotni, xususan raqamli tibbiyot, taʼlim va elektron savdoni rivojlantirish “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida alohida taʼkidlandi.
Oʻzbekiston TIV rahbari oʻz nutqi yakunida tez kunlarda koʻp qirrali hamkorlik darajasining toʻliq qayta tiklanishiga hamda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga umid bildirdi.

 

Shanxay hamkorlik tashkilotida Oʻzbekiston tashabbuslari

15-iyun – SHHT tashkil topgan kun

 

Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) 2001-yil 15-iyunda Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston Tojikiston va Oʻzbekiston tomonidan taʼsis etilgan. Oradan oʻn besh yil oʻtib unga Hindiston va Pokiston ham qoʻshildi.

SHHTning asosiy vazifasi aʼzo davlatlar oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish, mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy va gumanitar munosabatlarni rivojlantirishdir. Har qanday xalqaro tashkilotning nufuzi va ahamiyati unga dunyoda berilayotgan eʼtibor va faoliyatining samaradorligi bilan belgilanadi. SHHT nisbatan qisqa vaqt ichida nufuzli xalqaro tashkilotga aylandi.Taʼkidlash joizki, kuzatuvchi mamlakatlar bilan qoʻshib hisoblaganda, Shanxay hamkorlik tashkiloti dunyo aholisining yarmini birlashtiradi. Bu esa uning asosiy faoliyat yoʻnalishlari – iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashdagi salohiyatini oshiradi.

2019-yil 1-yanvardan SHHT Bosh kotibi vazifasi Oʻzbekiston vakili Vladimir Norovga oʻtdi. Qisqa vaqt xalqaro iqtisodiy va siyosiy munosabatlar tizimida tobora muhim ahamiyat kasb etib borayotgan SHHTdek tuzilmaga Bosh kotiblik qilish Oʻzbekiston vakiliga topshirilgani Oʻzbekistonga xalqaro doirada hurmat va ishonch ortib borayotganidan dalolat.

Tashkilotga aʼzo mamlakatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan ziyod, yaʼni Yevroosiyo hududining 60 foizi demakdir.SHHT mamlakatlari aholisining umumiy soni 3 milliard 40 million nafarga teng, bu sayyoramiz aholisining qariyb yarmi degani.U 8 ta aʼzo davlatdan tashqari 4 ta kuzatuvchi, 3 ta kuzatuvchilikka nomzod davlatni, 6 ta “muloqot boʻyicha sherik” maqomiga ega mamlakatni birlashtirgan.

Xalqaro jamoatchilik SHHT sammitlari ishini diqqat bilan kuzatarkan, uning dunyoda yuz berayotgan voqealarga faol munosabati, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan qatʼiy siyosiy yoʻliga ishonch hosil qilmoqda, deb aytish mumkin.

SHHT doirasida qabul qilingan qarorlar aʼzo mamlakatlar tomonidan toʻla maʼqullangan taqdirdagina kuchga kirishi va bu munosabatlar koʻp tomonlama kelishuvlar orqali mustahkamlanishini nazarda tutsak, Tashkilotning qisqa davrda katta obroʻ-eʼtibor qozonishiga sabab boʻlgan omillarni anglagandek boʻlamiz. Tashkilot ayni kunda nafaqat xavfsizlik, balki ijtimoiy-iqtisodiy, savdo-sotiq, transport kommunikatsiyasi, sarmoya va gumanitar masalalarga ham jiddiy eʼtibor qaratmoqda. Bular tashkilotning ochiqligi, barcha manfaatdor davlatlar va xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikka tayyor ekanidan dalolatdir.

SHHT, avvalo, oʻzining asosiy tamoyillaridan kelib chiqqan holda, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni saqlashning ishonchli kafolati sifatida maydonga chiqmoqda, dunyo tez oʻzgaruvchan, notinch boʻlib turgan hozirgi zamonda bu gʻoyat muhim. Ikkinchidan, bu ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va gumanitar sohalarda koʻp tomonlama samarali hamkorlikni tashkil etish borasida qoʻyilayotgan va bajarilayotgan vazifalar, buning uchun zarur shartnomaviy-huquqiy asosni shakllantirish va har bir mamlakat uchun ahamiyatli boʻlgan yirik loyihalarni amalga oshirishdir. Uchinchidan, SHHT aʼzo davlatlarning teng huquqli birlashmasi boʻlib, uning faoliyati boshqa mamlakatlarning manfaatlariga qarshi qaratilmagan va harbiy blok xususiyatiga ega emasligi yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Bundan tashqari, tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlari “Shanxay jarayon”larini tezlashtirish uchun Tashkilot ixtiyoridagi mavjud qarorlar, deklaratsiyalar va loyihalarni amalga oshirishga eʼtiborni kuchaytirish zarurligini taʼkidlamoqda. Chunki har qanday koʻp tomonlama tizimlar faoliyati qabul qilinayotgan qarorlarning soʻzsiz va bosqichma-bosqich bajarilishi bilan samara beradi. Bu “oltin qoida” SHHTning jipsligi va uyushqoqligi uchun oʻziga xos mezon boʻlib qolishi bejiz takrorlanmayotir.

SHHTni yanada rivojlantirish aʼzo davlatlarning muayyan amaliy natijalarga erishishiga, avvalo, barqaror taraqqiyotni taʼminlash va butun mintaqa mamlakatlari aholisi farovonligini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlariga bogʻliq. Shu bois, Oʻzbekiston SHHT makonida milliy va transchegaraviy ahamiyatga molik avtomobil, temir yoʻl va havo yoʻli kommunikatsiyalarini barpo etish va modernizatsiya qilish boʻyicha investitsiya dasturlarini amalga oshirish, zamonaviy logistika markazlari va xablar yaratish tarafdoridir. Bu ishlarning amalga oshirilishi aʼzo davlatlarning Yevropa Ittifoqi, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

2018-yil 10-iyunda Xitoyning Sindao shahrida boʻlib oʻtgan Tashkilotning navbatdagi sammitida qabul qilingan SHHTga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi Uzoq muddatli yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani amalga oshirish boʻyicha Harakatlar rejasi mazkur ishlarning muhim natijalaridan biridir. Sindao sammiti “Shanxay sakkizligi” rahbarlarining birinchi uchrashuvi sifatida tarixda qoldi. Tashkilot nufusi 2017-yilda birdaniga bir yarim milliardga koʻpaydi, uning iqtisodiy va intellektual salohiyati sezilarli darajada kengaydi.
Shuni alohida taʼkidlash keraki, Hindiston va Pokistondek davlatlarning SHHT faoliyatida toʻla huquqli aʼzo sifatida ishtirok etishi keng koʻlamli hamkorlikni yana-da rivojlantirish va mustahkamlash uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratdi. Ayni paytda Tashkilotning mintaqaviy va global siyosatni shakllantirish, Yevroosiyo qitʼasi xavfsizligi va barqaror taraqqiyotini taʼminlashning muhim mexanizmi sifatidagi roli kuchayib bormoqda.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida ham davlatlar oʻzaro muloqotni yigʻishtirib qoʻygani yoʻq. Ayniqsa, Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning koʻpchiligiga gumanitar yordamlar joʻnatgani eʼtiborga sazovor. XXR ham bundan mustasno emas.

Markaziy Osiyo barqarorligi va taraqqiyotini taʼminlash Tashkilotning asosiy maqsadlariga erishish, uning oldida turgan vazifalarni hal etishda muhim omillardan biridir. Qisqa vaqt ichida mintaqadagi oʻtkir muammolar, jumladan, chegara, savdo, transport va suvdan foydalanish masalalarini amaliy hal qilish yoʻlida ancha katta marralar bosib oʻtildi.
Shanhay hamkorlik tashkiloti “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida Xitoydan Yevropaga “Yangi Osiyo – Yevropa transkontinental transport yoʻlagi” qurishni rejalashtirmoqda.Bu haqda SHHT bosh kotibi Vladimir Norov maʼlum qildi. Yoʻlakning uzunligi 10 ming 900 kilometrni tashkil qiladi. U Markaziy Osiyo va Rossiya orqali oʻtib, Niderlandiyaning Rotterdam shahrigacha choʻziladi.

 “SHHT milliy va mintaqaviy integratsiya tashabbuslari oʻzaro bogʻliqligi uchun samarali maydoncha boʻlib xizmat qiladi. Bu tashabbuslar orasida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, “Bir makon, bir yoʻl”, Markaziy Osiyo davlatlarini iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi, Sankt-Peterburgni Mumbay porti bilan bogʻlovchi 7 ming kilometrdan uzunroq boʻlgan “Shimol – Janub” Rossiya-Hindiston-Eron loyihasi bor”, deb taʼkidlagan V.Norov.

Shubhasiz, SHHT doirasida koʻplab natijalarga erishildi.Shu bilan birga, Tashkilot doirasidagi sheriklikni yana-da rivojlantirish uchun hali ishga solinmagan ulkan imkoniyatlar mavjud.Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Prezidentining Sindao sammitida ilgari surgan tashabbuslari Tashkilot faoliyatini rivojlantirishda muhim ekanligi eʼtirof etildi.

Birinchidan va eng asosiysi – aholi, ayniqsa, yosh avlodda terrorizm va ekstremizm mafkurasiga qarshi qatʼiy va barqaror immunitetni shakllantirish. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining Yoshlarga murojaati va uni amalga oshirish boʻyicha Harakatlar dasturining qabul qilinishi mana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi. Ushbu dasturni amalga oshirishda SHHT Yoshlar kengashi haqiqiy “lokomotiv” vazifasini oʻtaydi.Oʻzbekiston ushbu tuzilma faoliyatida faol ishtirok etadi. BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va qabul qilish yoʻlidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish taklifi ham Oʻzbekiston tomonidan ilgari surildi.

Ikkinchidan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va kooperatsiyani kuchaytirish taklifi ilgari surildi. Bu bejiz emas. Zero, 2018-yil boshidan buyon Oʻzbekistonning SHHTga aʼzo davlatlar, uning kuzatuvchi va sheriklari bilan savdo hajmi oʻttiz foizdan oshdi.
Oʻzbekiston rahbariyati fikricha, tovar ayirboshlash hajmi yana-da oshishini taʼminlash uchun eksport-import tartib-taomillarini soddalashtirish, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida agrosanoat klasterlarini shakllantirish zarur.

Uchinchidan, SHHT makonining transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish Oʻzbekistonning strategik vazifasidir.“Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida mintaqalararo transport loyihalarini amalga oshirish dolzarb ahamiyatga ega. Oʻzbekistonga jahonning eng yirik bozorlariga eltadigan yangi va eng qisqa yoʻnalishlar kerak. Oʻzbekiston Mozori Sharif – Hirot, Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻl liniyalarini qurish tarafdori. Aynan shu maqsadda Oʻzbekistonda 2018-yil 19-sentyabrda SHHTga aʼzo davlatlarning temir yoʻl boʻyicha idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi oʻtkazildi.

SHHTga aʼzo davlatlarning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishi transport-kommunikatsiya kompleksining taraqqiyotiga bogʻliq. Xususan, temir yoʻl transporti davlatlararo tovar ayriboshlash, import-eksport tashuvlar, ayniqsa, dengiz yoʻllariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqolmagan va asosan yuklarni quruqlikda tashishga ixtisoslashgan mamlakatlar uchun muhim oʻrin tutadi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston SHHTning Xalqaro transport-logistika assotsiatsiyasini taʼsis etish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif etmoqda.

Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Innovatsiya dasturlari va loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish uchun barcha saʼy-harakatlarni birlashtirishga daʼvat etmoqda. Chunki sheriklik yuqori texnologiyalar, raqamli iqtisodiyot, muqobil energetika va zamonaviy tibbiyotni rivojlantirish va keng joriy etishga qaratilishi barcha davlatlar taraqqiyoti va manfaatiga birdek javob beradi. Demak, anʼanaviy asosda har yili SHHT mamlakatlari hukumatlari va ishbilarmon doiralari ishtirokida Axborot texnologiyalari va innovatsion rivojlanish forumini oʻtkazish yoʻlga qoʻyilsa, bu maqsadlarga xizmat qiladi.

Beshinchidan, Oʻzbekiston SHHT va Jahon sayyohlik tashkiloti bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni maqsadga muvofiq va gʻoyat dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblaydi. Shuning uchun Oʻzbekiston birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan tamaddunlar chorrahasi – Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm universiteti tashkil etildi.Mazkur oʻquv muassasasida turizm sohasining eng yaxshi mutaxassislari dars berishi, barcha aʼzo mamlakatlardan talabalar tahsil olishi mumkin boʻladi.
Xullas, ulkan mintaqada ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar, haqiqatan hayotda oʻz aksini topsa, bundan aʼzo mamlakatlarning barchasi yutadi. Kuzatuvchi davlatlarning bundan keyin tashlaydigan qadamlari ana shu gʻoyalarning roʻyobi bilan belgilanadi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyevga maktubi

Qozog‘iston Respublikasi

Birinchi Prezidenti – Elboshi

Nursulton Nazarboyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Nursulton Abishevich!

Sizning koronavirus kasalligiga chalinganingiz to‘g‘risidagi xabarni chuqur bezovtalik va katta xavotir bilan qabul qildim.

Hayotingizdagi ushbu sinovli va murakkab paytlarda biz uchun hamisha cheksiz ehtiromga sazovor bo‘lib kelgan Siz, aziz og‘amnihar tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligimni va yaqin ko‘makdosh ekanligimni yana bir bor chin qalbdan ma’lum etmoqchiman.
Hech shubhasiz, qisqa fursatlarda mazkur virusni muvaffaqiyatli yengib o‘tib, shifo topishingizga va tuzalib ketishingizga ishonchim komildir.

Qadrli Nursulton Abishevich, Sizga Qodir Allohdan mustahkam sihat-salomatlik, kuch-quvvat va yangi zafarlar ato qilishini so‘rab qolaman.

Tez orada Siz bilan diydor ko‘rishish baxtiga muyassarlik nasib etishiga umid qilaman.

Hurmat bilan,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 

Shavkat Mirziyoyev

 

Turkiyaning insonparvarlik yordami Sirdaryoga yetib keldi


Suv toshqinidan zarar koʻrgan Sirdaryoliklar uchun joʻnatilgan insonparvarlik yordamini Turkiya davlati va uning saxovatpesha qardosh Turk xalqi joʻnatgan.
“Saxovat koʻmagi”ni Turkiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, Turkiyaning muvofiqlashtirish va hamkorlik agentligi (TIKA) rahbari va boshqa rasmiy delegatsiya vakillari topshirdi.

Guliston shahridagi Alisher Navoiy xiyobonida Turkiyadan keltirilgan gumanitar yordamni kuzatib kelgan delegatsiya aʼzolarini Sirdaryo viloyati hokimi Gʻ. Mirzayev boshchiligida viloyat prokurori Ravshan Masharipov va bir guruh mehnat faxriylari va mutasaddilar kutib oldi.
Viloyat hokimi Gʻ. Mirzayev, Oʻzbekistonning yaqin doʻsti Turkiya davlati va qardosh Turk xalqiga koʻrsatilgan saxovat yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirib, ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro doʻstona hamkorlik aloqalari yildan yilga mustahkamlanayotganini taʼkidladi.

Oʻz navbatida, Turkiya davlatining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni rivojlantirish yoʻlida olib borayotgan bu qadar ulkan ishlar hali mamlakatlar tarixida boʻlmaganini va bu xayrli amallarda ikki davlat rahbarlarining ulkan hissasi borligini qayd etdi.

Turkiyaning muvofiqlashtirish va hamkorlik agentligi (TIKA) Sardoba fojiasi jabrdiydalariga yana bir bor gumanitar yordam jamlamasini yetkazib bermoqda. Bu galgi insonparvarlik yordami 4000 komplekt koʻrpa-toʻshak, yostiq va yotoq jamlamalarini oʻz ichiga olgan boʻlib, 6 ta “Fura” maxsus yuk tashuvchi mashinalarida olib kelindi.

Turkiya tomonidan koʻrsatilgan insonparvarlik yordami Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida tashkil etilgan vaqtinchalik omborga tushirildi.

Viloyat hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan aniq chora-tadbirlarga asosan insonparvarlik yordami toshqindan zarar koʻrganlar, yordamga muhtoj oilalarga tarqatildi.


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar