Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Turizm vazirlari yig'ilishi bo'lib o'tdi

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi tashabbusi hamda konferensiya ishtirokchilarining qoʻllab-quvvatlovi bilan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlarining navbatdagi yigʻilishini 2021-yili Oʻzbekistonda oʻtkazishga kelishib olindi.

1444716
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Turizm vazirlari yig'ilishi bo'lib o'tdi

 

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (TTDHK) Turizm vazirlarining V yigʻilishi videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtdi.

Mazkur onlayn uchrashuvda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi Bagdad Amrayev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov, Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Ersoy, shuningdek, kengash tarkibidagi boshqa mamlakatlar turizm sohasi rahbarlari qatnashdi.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 14 senyabr kuni “Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining tuzilishi toʻgʻrisidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonunni imzolagan edi. 2019-yil 15-oktyabr kuni Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida boʻlib oʻtgan sammitda Oʻzbekiston Respublikasi toʻlaqonli aʼzo sifatida qatnashdi va tadbirda davlat rahbarining shaxsan o’zi ishtirok etdi.

Videoanjuman ishtirokchilari turizm sohasining “COVID-19” pandemiyasi sharoitidagi holati, Kengashga a’zo mamlakatlarning turizm sektorini jonlantirishga doir tajribasi, Turk kengashiga aʼzo davlatlar oʻrtasida sayyohlik almashinuvini tiklashga oid chora-tadbirlar hamda davlatlarning sayyohlik yoʻnalishlarini ilgari surishga qaratilgan turli loyiha va tashabbuslarni muhokama qilishdi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyatiga Tashkilotga aʼzo davlatlarning turistik shaharlari boʻylab tayyor turpaketlar tizimini koʻzda tutuvchi “Zamonaviy Ipak yoʻli” loyihasidagi ishtiroki uchun alohida minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u Oʻzbekistonning boy tarixiy madaniy merosi va ulkan turistik salohiyatini eʼtirof etib, koʻp tomonlama turistik loyihalarni rivojlantirishga turtki berishiga ishonch bildirdi.

– Oʻzbekiston oʻzining turizm sohasidagi yoʻnalishlari va qadimiy obidalari bilan dunyoga tanilgan. Mamlakat bebaho tarixiy merosga ega”,- deydi Bagdad Amrayev.

Tadbir yakuniga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi tashabbusi hamda konferensiya ishtirokchilarining qoʻllab-quvvatlovi bilanTurkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm masalalari vazirlarining navbatdagi yigʻilishini 2021-yili Oʻzbekistonda oʻtkazishga kelishib olindi.



Aloqador xabarlar