O'zbekistondan xabarlar 28-qism

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi

1449963
O'zbekistondan xabarlar 28-qism

 

 

2-iyul kuni, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putinni muhim siyosiy tadbir – Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritish bo'yicha umummilliy ovoz berish jarayoni muvaffaqiyatli o'tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.

Prezidentlar fashizm ustidan qozonilgan G'alabaning 75 yilligiga bag'ishlangan tantanali tadbirlarda O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasining ishtiroki doirasida Moskva shahrida o'tgan ikki tomonlama uchrashuvning samarali natijalarini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Davlat rahbarlari O'zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko'p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida qat'iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Bo'lajak oliy darajali tashriflar kun tartibidagi masalalarga, shuningdek, koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining mamlakatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy ta'sirini kamaytirish bo'yicha o'zaro muvofiqlashgan chora-tadbirlarni davom ettirishga alohida e'tibor qaratildi.

Muloqot chog'ida xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi va Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitlariga tayyorgarlik ko'rish va ularni o'tkazish masalalari ko'rib chiqildi.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do'stona ruhda o'tdi.

 

 

Ukraina elchisi bilan uchrashuv...

 O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ukrainaning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Nikolay Doroshenkoni qabul qildi.

Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, Elchini ushbu lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va unga O'zbekiston - Ukraina o'zaro manfaatli aloqalarini mustahkamlashdagi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Uchrashuvda turli sohalarga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm, ta'lim, tibbiyot va boshqa sohalardagi munosabatlarni rivojlantirishga alohida urg'u berildi.

Qo'shma tadbirlarni, jumladan har tomonlama hamkorlik bo'yicha O'zbekiston - Ukraina Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini o'tkazish bo'yicha takliflar ko'rib chiqildi.

Suhbat chog'ida koronavirus pandemiyasi ikki tomonlama savdo aylanmasi ko'rsatkichlariga salbiy ta'sir ko'rsatayotgani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan O'zbekiston va Ukraina ishbilarmon doiralari, savdo-sanoat palatalari va hududlari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalarni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi e'tirof etildi.

Tomonlar qoshma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga, fan, texnika va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga tayyor ekanliklarini ma'lum qildilar.

Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

 

IHT Bosh kotibi o'rinbosari bilan muzokaralar to'g'risida...


O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Furqat Sidiqov Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibining iqtisodiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Ahmad Ssenyomo bilan videokonferens-aloqa shaklida muzokara o'tkazdi. 
Suhbat chog'ida O'zbekistonning IHT bilan ko'p qirrali hamkorligi, jumladan, savdo-iqtisod, investitsiya va turizm sohalaridagi aloqalari joriy holati va istiqboli muhokama qilindi. 
Ta'kidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jadal taraqqiyotni ta'minlash va mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda O'zbekiston IHT va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratadi. 

Iqtisodiyot va savdo sohasida hamkorlikni rivojlantirish IHT bilan munosabatlarning ustuvor yo'nalishlaridan biri ekani qayd etildi. O'zbekiston IHT Bosh kotibiyati, Islom taraqqiyot banki, SOMSES, Savdoni rivojlantirish bo'yicha islom markazi va tashkilotning boshqa tuzilmalari bilan yaqin hamkorlik o'rnatishdan manfaatdor bo'lib, bu mamlakatimizda turli loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishga imkon beradi. 

Tomonlar, shuningdek, SOVID-19 pandemiyasi sharoitida IHT ishtirokchilari o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni qayta tiklash masalasini muhokama qildilar va koronavirusning salbiy oqibatlarini yumshatish bo'yicha birgalikda harakat qilish muhimligini ta'kidladilar. 
IHT Bosh kotibi o'rinbosari O'zbekiston hukumati tomonidan iqtisodiy faollik va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, mamlakatda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi. 

 

Hindiston elchisi bilan muzokaralar to'g'risida...


O'zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Hindiston Respublikasining O'zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Favqulodda va muxtor elchisi Santosh Ja bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv o'tkazdi. 
Suhbat chog'ida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning joriy holati va har tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollari ko'rib chiqildi.
Ta'kidlanganidek, O'zbekiston - Hindiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilib, so'nggi yillar davomida jadal rivojlandi, bu jarayonda muhim kelishuv va natijalarga erishildi. 

Koronavirus pandemiyasi sharoitida tegishli vazirlik va idoralar barcha zamonaviy aloqa vositalaridan foydalangan holda hamkorlikni davom ettirgani qayd etildi. 
Shuningdek, turli darajadagi bo'lajak ikki tomonlama uchrashuvlarni o'tkazish muddatlari bo'yicha takliflar yuzasidan fikr almashildi. 

Suhbat so'ngida vazir Santosh Jaga ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qo'shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. 
Elchi ham o'z navbatida Hindistonning O'zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyati doimiy ravishda qo'llab-quvvatlangani uchun tashakkur izhor etdi. 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar