O'zbekistondan xabarlar 29-qism

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog'iston Respublikasining Birinchi Prezidentini yubiley bilan tabrikladi.

1453960
O'zbekistondan xabarlar 29-qism

 

 

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni Qozog'iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbari suhbat avvalida Nursulton Nazarboyevni yubiley bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog'lik, baxt-saodat va yangi zafarlar tiladi.

Elboshining zamonaviy Qozog'istonni barpo etish, kuchli davlat boshqaruvi institutlari va milliy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, mamlakat raqobatbardoshligi, xalqaro nufuzini oshirishga va, eng muhimi, aholining yuksak turmush darajasini ta'minlashga qaratilgan samarali ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi tarixiy roli alohida qayd etildi.

Nursulton Nazarboyevning muvaffaqiyatli amalga oshirilgan yirik tashabbuslaridan biri – jadal rivojlanib borayotgan Qozog'istonning “tashrif qog'ozi”ga aylangan yangi poytaxt - Nur-Sulton shahriga asos solingani ta'kidlandi.

Elboshining global xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash, turli hududlardagi mojarolarni tinch yo'l bilan hal etish, Markaziy Osiyoda integratsiyani kuchaytirish va barqaror taraqqiyotga erishish borasidagi tashabbuslari xalqaro hamjamiyatda keng e'tirofga sazovor bo'ldi.

Nazarboyev O'zbekiston bilan Qozog’iston o'rtasidagi qardoshlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qo'shdi.

Bugungi kunda O'zbekiston va Qozog'istonning ko'p qirrali hamkorligi izchil rivojlanishda davom etmoqda hamda savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, qishloq xo'jaligi, transport-logistika, ta'lim va boshqa ustuvor yo'nalishlardagi aniq qo'shma dastur va loyihalar hisobiga kengayib bormoqda.

Muloqot chog'ida yetakchilar ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, pandemiyaning o'zaro manfaatli hamkorlikka salbiy ta'sirini kamaytirish bo'yicha o'zaro yaqin muvofiqlashuv va sheriklikni davom ettirish muhimligi ta'kidlandi.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do'stona ruhda bo’lib o'tdi.

 

Oʻzbekiston Prezidenti Yaponiya Bosh vaziriga hamdardlik bildirdi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaning Kumamoto va Kagosima hududlarida roʻy bergan tabiiy ofat tufayli koʻplab insonlar qurbon boʻlgani munosabati bilan mamlakat Bosh vaziri Sindzo Abega hamdardlik bildirdi. 
Davlat rahbari halok boʻlganlarning oila aʼzolariga samimiy taʼziya izhor qilib, jarohat olganlarning tezda shifo topishini tiladi.

 

Belgiya TIV Bosh direktori bilan muzokaralar toʻgʻrisida


Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod Asadov Belgiya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlama masalalar boʻyicha bosh direktori Anik Van Kalster bilan videokonferensaloqa shaklida muzokara oʻtkazdi. 
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Belgiya oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikning hozirgi holati, istiqboli muhokama qilindi. 

Tomonlar turli darajadagi oʻzaro tashriflarni tashkil etish yoʻli bilan siyosiy muloqotni faollashtirish zarurligini qayd etdilar. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston tomoni pendemiya bartaraf etilishi bilan ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 7-bosqichini Toshkent shahrida oʻtkazishga tayyorligini bildirdi. 
Savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarga alohida eʼtibor qaratish muhimligi taʼkidlandi, ikki tomonlama savdo hajmini oshirishga koʻmaklashish mexanizmlari koʻrib chiqildi. 

 

Oʻzbekiston Prezidenti Xalqaro mehnat tashkilotining COVID-19 davrida Mehnat munosabatlari boʻyicha global sammiti ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni 8 Iyulda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning COVID-19 davrida Mehnat munosabatlari boʻyicha global sammiti ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Jeneva sammitida 80 dan ortiq davlat, hukumat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shu jumladan BMT, Jahon savdo tashkiloti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirni Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder olib bordi.

Oliy martabali mehmonlar qatorida Shveysariya Prezidenti Simonetta Sommaruga xonim, Irlandiya Prezidenti Maykl Xiggins, Janubiy Koreya Prezidenti Mun Je In, Kolumbiya Prezidenti Ivan Duke Markez, Germaniya Kansleri Angela Merkel, Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchez, Italiya Bosh vaziri Juzeppe Konte, Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin, Polsha Bosh vaziri Mateush Moraveskiy, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon va boshqalar qayd etildi. Ular milliy, mintaqaviy va xalqaro darajada pandemiya salbiy oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha oʻz mamlakatlarida koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etdi.

XMT rahbari taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev onlayn tashkil qilingan global sammit ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi.

Davlat rahbari oʻz murojaatida joriy yil boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat global kun tartibidagi eng muhim masalaga aylanganini taʼkidladi. Koronavirus infeksiyasi tarqalishining salbiy taʼsirini bevosita yoki bilvosita sezmaydigan biror mamlakat yoki mintaqa yoʻqligini qayd etdi.

Ushbu va boshqa global muammolarga samarali yechim topish uchun birinchi navbatda kelishilgan harakatlar zarur. Xalqaro mehnat tashkiloti Global sammitni tashkil qilish orqali “soatlarni toʻgʻrilab olish” uchun qulay platformadir.

Pandemiya sharoitida iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash bilan birga, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash ham muhim ahamiyatga ega.Bu Xalqaro mehnat tashkilotining yuz yillik deklaratsiyasida belgilangan ijtimoiy adolatni taʼminlash maqsadlariga toʻliq mos keladi.

Murojaatda XMT konvensiyalarining milliy qonunchilik va amaliyotda implementatsiya qilinishi, xususan, uch tomonli maslahatlashuvlar toʻgʻrisidagi 144-Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekistonda uch tomonlama ijtimoiy muloqot rivojlanishiga kuchli turtki boʻlgani qayd etildi.

Pandemiya davrida “tripartizm plyus” tamoyiliga muvofiq, inqirozga qarshi choralarni ishlab chiqish jarayonida biznes, kasaba uyushmalari, nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik vakillari faol ishtirok etmoqda. Bu aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qiluvchi inqirozga qarshi dasturlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi kafolatidir.

Taʼkidlanganidek, pandemiya barqaror xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda qator muammolar borligini va favqulodda vaziyatlarda global strategik harakatlar rejasining yoʻqligini namoyon qildi.

Shu munosabat bilan davlat rahbari BMT shafeligida Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

Prezidentning fikricha, ushbu kodeksda davlatlarning oʻz fuqarolari va xalqaro sheriklari oldidagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va inson huquqlari sohalaridagi eng kam shartlari va majburiyatlari belgilab qoʻyilishi kerak.

Xususan, birinchidan, cheklov choralari faqat vaqtincha, fuqarolar huquq va erkinliklariga majburiy rioya qilgan holda amalga oshirilishi kerak.

Bunday choralar xalqaro savdoga, ayniqsa tibbiy mahsulotlarga, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga toʻsqinlik qilmaslik boʻyicha xavflarga mutanosib boʻlishi shart.

Ikkinchidan, pandemiyaning tez tarqalishi tizimli, oʻz vaqtida va samarali profilaktik choralarni koʻrish zarurligini, shu bilan birga, pandemiya eʼlon qilingan vaqtda sogʻliqni saqlash sohasiga ortiqcha yuklamalar yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymaslik kerakligini koʻrsatdi.

Profilaktik choralar sifatida esa, birinchi navbatda, prognoz qilish, tarqalishning erta bosqichlarini aniqlash, epidemiyaga qarshi turish va uning oqibatlarini kamaytirish choralari kiradi.

Uchinchidan, pandemiya mehnat xavfsizligini taʼminlash muhimligini koʻrsatdi.Bu toʻgʻridan-toʻgʻri yangi kasallikka qarshi kurashning boshida turgan, haqiqiy qahramonlik koʻrsatgan tibbiyot xodimlariga tegishli.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda Oʻzbekiston bilan XMT oʻrtasidagi munosabatlar jadal va izchil rivojlanmoqda.

XMT bosh direktori Gay Rayderning 2018-yilda Oʻzbekistonga tashrifi natijasida qabul qilingan “Yoʻl xaritasi” muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ikki yil oldin XMT jamoasi koʻmagida munosib ish oʻrnilarini yaratishga koʻmaklashuvchi Oʻzbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi tashkil etildi.Tuzilma xalqaro mehnat standartlariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazorati taʼminlab kelmoqda.

“Xalqaro tashkilotlar va jahon hamjamiyati Oʻzbekistonning turli sohalardagi ulkan yutuqlarini eʼtirof etmoqda”, dedi XMT bosh direktori Gay Rayder.

“Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti bilan amaliy hamkorlik tufayli tashkilotning konvensiyalarini amalga oshirishda yutuqlarga va natijalarga erishganidan mamnunman.Mamlakatingizda mehnat munosabatlari sohasida olib borilayotgan islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz. Umid qilamizki, Oʻzbekiston mamlakat uchun muhim boʻlgan boshqa konvensiyalarga qoʻshilishda davom etadi”, dedi XMT rahbari.

Gay Rayderning taʼkidlashicha, tashkilot bundan buyon ham uch tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadi: "Oʻzbekistonda “tripartizmning implementatsiya qilinishi muhim qadam hisoblanadi. Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani tahsinga sazovordir", dedi Gay Rayder.

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar