Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti o'z ishini yakunladi

Sammit yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammitining deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar qabul qilindi.

1288599
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti o'z ishini yakunladi

 

Ozarbayjon poytaxti Baku shahrida bugun, 15 oktyabr kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti bo’lib o’tdi.

Unda mazkur tashkilotga a’zo mamlakatlar rahbarlari – Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an, Qozog’istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev, O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg’iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov ishtirok etdi.

Kuzatuvchi davlat sifatida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, shuningdek, Turkmaniston vazirlar mahkamasi raisi o’rinbosari Purlu Agamurodov ham anjumanda qatnashdi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev sammitda so’zlagan nutqida, Tashkilotga raislikni muvaffaqiyatli bajarganligi munosabati bilan Qirg’izistonga minnatdorlik bildirdi.

O’zbekistonni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo‘shilgani munosabati bilan samimiy tabriklagan Aliyev, bu qaror ikki tomonlama aloqalar va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo’shishini ta’kidladi.

Qozog’istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev Turkiy kengash o’ta muvaffaqiyatli jarayonni boshidan o’tkazayotganligini, turkiy xalqlar o’rtasidagi birdamlik uni juda quvontirganligini tilga oldi.

O‘zbekiston Respublikasining to‘la huquqli a'zo sifatida Tashkilotga qo‘shilishi, shuningdek, Vengriyaning “kuzatuvchi davlat” sifatida o’rin olishini mamnuniyat bilan baholagan Nazarboyev: “Tarixda yangi sahifa ochilmoqda. Turkiy kengash global miqyosda muhim siyosiy va iqtisodiy mavqega erishdi. Ayni vatqda turk dunyosida integratsiyamizni mustahkamlayabmiz. Turkiy Respublikalar o’rtasidagi do’stona munosabatlar yuqori cho’qqilarga erishmoqda”,-dedi.

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sammitda so‘zlagan nutqida O‘zbekistonning tashkilotga a'zo bo‘lishi, hech shubhasiz, tabiiy va tarixiy voqea ekanini ta'kidladi.

“Turkiy Kengashga a'zolik xalqimizning tub manfaatlariga to‘la javob beradi. Bugungi kunda o‘rtamizda nafaqat madaniy-ma'naviy aloqalar, balki savdo-iqtisodiy munosabatlar ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Oxirgi uch yilda davlatlarimizning o‘zaro savdo hajmi salkam ikki barobarga oshdi, mingdan ortiq yangi qo‘shma shirkatlar ochildi. Transport qatnovlari kengaymoqda, vizasiz tartib asosida turistlar oqimi tobora ko‘paymoqda, xalqlarimizning qardoshlik rishtalari mustahkamlanmoqda”, – dedi O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor to‘la huquqli a'zo sifatida ishtirok etdi. O‘zbekiston ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga joriy yilda qo‘shildi. 

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Turkiy kengashga hissa qo’shish maqsadida “kuzatuvchi davlat” sifatida Tashkilotga a’zo bo’lganligini, kengashning Yevropaga yaqinlashishida muhim ro’l o’ynash istagini ifoda etdi.

Uning ta’kidlashicha, Turkiy kengashning Budapeshtdagi vakolatxonasi bu mavzuda katta ro’y o’ynaydi.

Turkmaniston vazirlar mahkamasi raisi o’rinbosari Purlu Agamurodov ham Turkiy kengash faoliyatlariga alohida ahamiyat berishini va qo’llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Sammitda Qozog’istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevga turk dunyosini birlashtirish yo’lida sarf etgan sa’y-harakatlari uchun “Turkiy kengashning sharafli rahbari” unvoni taqdim etildi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga raislik Qirg’izistondan Ozarbayjon Respublikasiga o‘tdi.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitini kelgusi yil Turkiyada o’tkazishni taklif qildi.

Sammit yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammitining deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar qabul qilindi.

Turkiy kengashga a'zo davlatlar rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasining to‘la huquqli a'zo sifatida tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risida Qo‘shma bayonoti sammitning muhim voqeasi bo‘ldi.

 

 

 

 



Aloqador xabarlar