Nursulton Nazarboyevning jiyani Samat Abish lavozimidan ozod etildi

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti saytida davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abishni lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida rasmiy bayonot e’lon qilindi.

1763653
Nursulton Nazarboyevning jiyani Samat Abish lavozimidan ozod etildi

 

Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyevning jiyani, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abish bugun, 17-yanvar kuni egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti saytida davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Samat Abishni lavozimdan ozod etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida rasmiy bayonot e’lon qilindi. 

43 yoshli general-leytenant Samat Abish Qozog‘iston Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning ukasining o‘g‘lidir.

U Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi akademiyasini va Rossiya Tashqi razvedka xizmati akademiyasini tamomlagan. 

2010 yil yanvaridan 2015 yil dekabrigacha Abish kadrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimidan Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosarigacha ko‘tarilgan.

Avvalroq, Nursulton Nazarboyevning kuyovlari: Dimash Dosanov va Kayrat Sharipbayev o’z lavozimidan chetlashtirilgandi.

Bugun, 17-yanvar kuni o‘rtancha qizi Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev ham “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi raisi lavozimini tark etdi.

Eslatish joizki, Qozog‘istonning sobiq Prezidenti Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik hamkori, mamlakat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi sobiq raisi Karim Masimov davlatga xiyonat qilganlikda ayblanib hibsga olindi. 

Karim Masimovdan tashqari, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari –Maxsus maqsadli xizmat bo‘limi boshlig‘i A.Sadiqulov va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari D.Yergojinlar ham qo’lga olingan.

 



Aloqador xabarlar