Atoqli qirg’iz adibi Chingiz Aytmatov ertaga qabri boshida yodga olinadi

Xalqaro turk madaniyati tashkiloti (TURKSOY) Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan 2018 yilni “Turk dunyosida Chingiz Aytmatovni xotirlash yili” deb e’lon qilgan edi.

1104909
Atoqli qirg’iz adibi Chingiz Aytmatov ertaga qabri boshida yodga olinadi

Buyuk qirg’iz adibi va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini nishonlash marosimlari davom etmoqda.

Chingiz Aytmatov nafaqat qirg’iz eli, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, o’zbek xalqi uchun ham aziz va qadrli siymo edi.

Bu yil Chingiz Aytmatov tavalludiga 90 yil to’ldi. Shu munosabat bilan Chingiz Aytmatov ertaga qabri boshida yodga olinadi.

Uning qabri Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahridagi “Ata beyit” (Otalar uyi) memorial majmuasida joylashgan.

Qabr ziyoratidan so’ng, Qirg’iziston Davlat Filarmoniya Kontsert zalida xotira marosimi o’tkaziladi.

Tadbirga oliy martabali davlat arboblari bilan bir qatorda, yozuvchining oilasi va yaqinlari, muxlislari, do’stlari, olimlar, diplomatlar, xorijlik missiya rahbarlari va qirg’iz xalqi ziyolilari ishtirok etadi.

Ma’lum bo’lganidek, Xalqaro turk madaniyati tashkiloti (TURKSOY) Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan 2018 yilni “Turk dunyosida Chingiz Aytmatovni xotirlash yili” deb e’lon qilgan edi.

Bu doirada avvalo yozuvchi tug’ilib o’sgan mamlakat Qirg’izistonda va boshqa turkiy respublikalarda Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini munosib nishonlashga qaror berildi.

Chingiz Aytmatov mintaqa tinchligi va osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlar o’rtasida do’stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo’lida fidokorona faoliyat olib borgan.

O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatovning o’lmas badiiy merosi xalqlar uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Bugungi kunda uning gumanizm va ezgulik g’oyalarini, milliy va umumbashariy qadriyatlar, turli millatlar va elatlar o’rtasida o’zaro hurmat va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan bebaho asarlari dunyoda turli tillarda nashr etilmoqda. 

Chingiz Aytmatov 2008 yilda ish yuzasidan borgan Tatariston poytaxti Qozon shahrida to’satdan byuragidagi og’riq tufayli davolanish uchun Germaniyaga jo’natilgan.

U 2008 yilning 10 iyun kuni 79 yoshida Germaniyada vafot etgan.

Chingiz Aytmatovni dafn etish buyicha tuzilgan hukumat komissiyasi a’zolari, adibning rafiqasi Mariya Urmatovna, o’g’illari va qizi 12 iyunda yozuvchining tobutini maxsus samolyotda Germaniyadan Bishkekka olib kelishgan.

Chingiz Aytmatovning vafoti munosabati bilan 12-14 iyun kunlari Qirg’iziston Respublikasida milliy motam kuni deb e’lon qilingandi.

 

 

 



Aloqador xabarlar