O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyevni O’zbekistonning Turkiy tilli davlatlar kengashiga qo‘shilgani munosabati bilan tabrikladi.

1288212
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bakuga tashrifi chog’ida, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi.

Davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalarini muhokama qilib, bu borada birinchi galdagi vazifalarni belgilab oldilar.

O’zbekistonning yetakchi kompaniyalari va tadbirkorlari darajasida ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa ustuvor tarmoqlarda kooperatsiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki tomonlama hukumatlararo komissiya faoliyatini jonlantirish hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

Ilhom Aliyev Shavkat Mirziyoyevni O’zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo‘shilgani bilan tabriklab bu, shubhasiz, ikki tomonlama munosabatlarni, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga yangi sur’at bag‘ishlashini qayd etdi.

Mirziyoyev sammit yuksak darajada tashkil etilganini alohida ta’kidladi va Ozarbayjonning tashkilotda muvaffaqiyatli raislik qilishini tiladi.

Uchrashuv yakunida Prezidentlar ko‘p asrlik do‘stlik va strategik sheriklikka asoslangan O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini tasdiqladilar.



Aloqador xabarlar