Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq maslahati raisini tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev bilan Gurbanguli Berdimuhamedov telefon orqali muloqot qildi.

1849875
Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq maslahati raisini tabrikladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Ushbu ma’lumotga ko‘ra muloqat avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni 65 yillik yubileyi bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, birodar Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.

Qayd etilishicha muloqat chog‘ida Gurbanguli Berdimuhamedovning zamonaviy Turkmanistonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi alohida qayd etilgan.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifiga tayyorgarlik doirasida ikki mamlakatning ko‘p qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

Savdo va sanoat, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari, shu jumladan Afg‘onistonda mustahkam tinchlikni ta’minlashga va ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga ko‘maklashish masalalari yuzasidan fikr almashilgan.

O‘zbekiston yetakchisi shu kunlarda Turkmaniston poytaxtida o‘tkazilayotgan oltinchi Kaspiy sammiti muvaffaqiyatli o‘tishini tilagan.



Aloqador xabarlar