Albaniya parlamenti prezident Ilir Metaga impichment e'lon qildi

Prezident Ilir Metani lavozimdan chetlashtirish bo’yicha yakuniy qaror qabul qilingan taqdirda, prezident lavozimi Albaniya parlament rahbari Gramoz Ruchiga topshiriladi.

1655352
Albaniya parlamenti prezident Ilir Metaga impichment e'lon qildi

 

Albaniya parlamenti mamlakat prezidenti Ilir Metaga konstitutsiyani buzgani uchun impichment e'lon qildi va uni o‘z lavozimidan chetlatdi. Ta'kidlanishicha, mamlakat tarixida ilk bor parlament prezidentni lavozimidan chetlashtirdi.

Parlamentda impichment e'lon qilish uchun 93 deputat ovozi yetarli hisoblangan. Natijada parlamentning 104 a'zosi prezidentni o’z lavozimidan chetlashtirishni qo‘llab-quvvatlagan.  

Mamlakat bosh vaziri Edi Rama majlisda so’zga chiqib, prezident davlat konstitutsiyasiga hiyonat qilganligini ma’lum qildi.

“Ilir Meta konstitutsiyani oyoq osti qildi. Albaniya bundan buyon Ilir Metani qo’llab-quvvatlamaydi”,-dedi Edi Rama.

Endi prezidentning o‘z lavozimidan chetlatilishi bo‘yicha yakuniy qarorni mamlakat konstitutsiyaviy sudi 3 oy ichida chiqarishi kerak bo‘ladi. 

Impichment bo‘yicha ovoz berish parlament surishtiruvi Meta tomonidan konstitutsiyaga rioya qilinmagani aniqlangandan keyin o‘tkazilgan. Prezident 2021 yil apreldagi parlament saylovlarida hukmron Sotsialistik partiyaga nisbatan “noxolis munosabatda” bo‘lganlikda ayblanmoqda. 

Prezident Ilir Metani lavozimdan chetlashtirish bo’yicha yakuniy qaror qabul qilingan taqdirda, prezident lavozimi Albaniya parlament rahbari Gramoz Ruchiga topshiriladi.

Eslatish joizki, Albaniya Sotsialistik partiyasi shu yilning 25 aprel kuni prezident Ilir Metaga nisbatan tergov o‘tkazishni talab qilib, uni saylovoldi kampaniyasi jarayonida konstitutsiyani buzishga yo’l qo’yganlikda ayblagandi.

52 yoshli Meta 2017 yilda Albaniya prezidenti etib saylangandi. O’shanda uning nomzodini parlamentning 140 deputatidan 87 nafari qo‘llab-quvvatlagandi.  


Tanlangan kalimalar: #impichment , #Ilir Meta , #Albaniya

Aloqador xabarlar