Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Bayrutga yetib keldi

Emmanuel Makron poytaxt Bayrutdagi prezidentlik saroyida Livan prezidenti Mishel Aun bilan uchrashdi. Bo’lib o’tgan uchrashuvda ikki yetakchi portlash tafsilotlarini muhokama qilishdi.

1468792
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Bayrutga yetib keldi

 

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Bayrutdagi portlash sababli kecha, 6 avgust kuni Livanga shoshilinch tashrif amalga oshirdi.

Bu haqda Livan prezidentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Emmanuel Makron Bayrutda Livan prezidenti Mishel Aun bilan uchrashdi. Poytaxt Bayrutdagi prezidentlik saroyida bo’lib o’tgan uchrashuvda ikki yetakchi portlash tafsilotlarini muhokama qilishdi. Mishel Aun portlashga doir tergovda Livanga yordam berishini iltimos qilib, tergov uchun zarur bo’lgan portlashning sun'iy yo‘ldoshdan olingan tasvirini talab qildi.

Makron ham portlashning sun’iy yo’ldoshdan olingan tasvirini tez orada yetkazib berishga va’da berdi.

Shuningdek, Makron uchrashuvda Bayrut portidagi portlash uchun shaffof tergov olib borilishi va Livanda kontrabandaga qarshi kurashishga chaqirdi.

Avvalroq, Livan hukumati portlash yuzasidan qattiq tergov olib borilishini ma’lum qilgandi.

Eslatish joizki, 4 avgustda Livan poytaxti Bayrutda dahshatli portlash yuz berdi.

Kuchli portlash bir necha kilometr atrofdagi ko‘plab binolarga ham zarar yetkazgan. So’nggi ma'lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 135 nafarga yetgan, 5 mingga yaqin odam jarohat olgan. Shuningdek, o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan. Fojia qurbonlari orasida 10 nafar o‘t o‘chiruvchi ham bor. 300 mingga yaqin odam boshpanasiz qolgan.

Livan hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, portlashga portdagi omborda saqlanayotgan 2750 tonna ammiak selitrasi sabab bo‘lgan. Ushbu modda mamlakat bojxonasi tomonidan Rossiya kemasidan musodara qilinib, 6 yil davomida omborda saqlanib kelingan. 

Shahar portlashdan keyin falokat hududi deb e'lon qilinib, unda ikki haftaga favqulodda holat rejimi kiritilgan.

 


Tanlangan kalimalar: #Emmanuel Makron , #Fransiya , #portlash , #Livan , #Bayrut

Aloqador xabarlar