Livan poytaxti Bayrutda minglab aholi norozilik namoyishiga chiqdi

Bayrut markazidagi Shahidlar maydonida to’plangan yetti mingga yaqin aholi shahardagi portlash tufayli hukumat va siyosiy vakillarni aybladi. Ular yuqori martabali amaldorlarni jazolashni talab qilishmoqda.

1469990
Livan poytaxti Bayrutda minglab aholi norozilik namoyishiga chiqdi

 

Livan poytaxti Bayrutda minglab aholi 8 avgust kuni ko‘chalarda norozilik namoyishiga chiqdi.

Bayrut markazidagi Shahidlar maydonida to’plangan yetti mingga yaqin aholi shahardagi portlash tufayli hukumat va siyosiy vakillarni aybladi. Ular yuqori martabali amaldorlarni jazolashni talab qilishdi.

Shahidlar maydoniga yaqin Parlament binosiga yurib borgan namoyishchilar politsiya tomonidan to’xtatilgan. Tinch namoyishlar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketgan. Namoyishchilar tosh va turli buyumlar uloqtirishgan, politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llagan. Namoyishchilar yo‘lini to‘sish uchun parlament binosiga barrikadalar o‘rnatilgan.

Namoyishchilar orasiga qo’shilmoqchi bo’lgan prezident Mishel Aunning kuyovi va deputat Shamil Rukiz namoyishchilar tomonidan quvib yuborilgan.

Ma'lumotga ko‘ra, Bayrutdagi tartibsizliklar vaqtida kamida 238 kishi jarohatlangan. Namoyishlar vaqtida xavfsizlik kuchlari xodimlaridan biri halok bo‘lgan, 70 nafari o‘qotar qurollardan yaralangan. 20 kishi qo’lga olingan.

Livan xalqi ushbu fojiada hukumatni korrupsiya va mas'uliyatsizlikda ayblamoqda.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, portlash oqibatida shu vaqtgacha 158 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab inson bedarak yo‘qolgan, 6 mingdan ortiq kishi turli darajada tan jarohati olgan. Portlash tufayli shahardagi ko‘plab binolar butunlay vayron bo’lgan.

 

 


Tanlangan kalimalar: #namoyish , #portlash , #Bayrut , #Livan

Aloqador xabarlar