Xalqaro donorlar Bayrut uchun 252.7 mln yevro yordam puli to’pladi

Ma’lumotga ko’ra, anjumanga qatnashgan yetakchilar ushbu yordam puli BMT yetakchiligida tashkil etilishi va to’g’ridan Livan xalqiga tez va samarali yetkazilishi kerakligini ta’kidlagan.

1470068
Xalqaro donorlar Bayrut uchun 252.7 mln yevro yordam puli to’pladi

 

Fransiya va BMT raisligida Livanga yordam puli yig‘ish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro anjumanda Bayrut uchun 252.7 mln yevro mablag’ to’plandi.

Bu haqda Fransiya va BMT tashkillashtirgan onlayn anjumanga raislik qilgan Emmanuel Makron saroyidan ma’lum qilingan.

Ma’lumotga ko‘ra, Fransiya Livanga 30 mln, Germaniya esa, 20 mln moliyaviy ko‘mak ajratadi.

Bundan tashqari, Yevropa ittifoqi Livanga 63 mln yevro yordam puli beradi. Xalqaro Qizil xoch tashkiloti ham bu yil Livanga 40 mln yevro moliyaviy ko‘mak ajratishini ma’lum qilgan.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Bayrutning portlashdan jabr ko‘rgan qariyb 300 ming aholisiga tibbiy va oziq-ovqat ko‘magi ko‘rsatish, yangi uy-joylar qurib berish uchun 116,9 mln dollar kerak bo‘ladi.

Shuningdek, onlayn anjumanga qatnashgan yetakchilar ushbu yordam puli BMT yetakchiligida tashkil etilishi va to’g’ridan Livan xalqiga tez va samarali yetkazilishi kerakligini ta’kidlagan.

Ayni vaqtda yetakchilar jahon hamjamiyatini “shubhaga o‘rin qoldirmaslik uchun” fojia bo‘yicha betaraf va mustaqil tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.

Eslatish joizki, 4 avgustda Livan poytaxti Bayrutda kuchli portlash yuz berdi. So’nggi ma'lumotlarga ko‘ra, portlashda halok bo‘lganlar soni 158 nafarga yetgan, taxminan 6 mingga yaqin odam jarohat olgan. Shuningdek, o‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan. 300 mingga yaqin odam boshpanasiz qolgan. Portlash oqibatida bir necha kilometr uzoqlikdagi ko‘plab binolar vayron bo’lgan.

Livan hukumati ma’lum qilishicha, portlashga port hududidagi omborda xavfsizlik choralariga rioya qilinmagan holda saqlanayotgan 2750 tonna miqdoridagi ammiak selitrasi sabab bo‘lgan.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Fransiya , #yordam puli , #Livan , #Bayrut , #BMT

Aloqador xabarlar