Shri Lankadagi teraktlarda qurbonlar soni 185 kishiga yetdi

Mamlakatda komendantlik soati joriy etildi.

1187413
Shri Lankadagi teraktlarda qurbonlar soni 185 kishiga yetdi
srilanka.JPG

 

 

Bugun, 21 aprel yakshanba kuni ertalab Shri Lankadagi mehmonxonalar va katolik cherkovlarida sodir bo’lgan ketma-ket teraktlarda qurbonlar soni 185 kishiga yetdi.

Mahalliy Daily Mirror gazetasining xabariga ko’ra, poytaxt Kolombo shahri markazidagi uchta lyuks mehmonxona – “Shangri-La”, “Tsinnamon Grand” va “Kingsberi” otelida hamda bir qancha katolik cherkovlarida portlashlar ro‘y berdi. Xuddi shu vaqtda poytaxt yaqinidagi Negombo va Battikaloa shahridagi cherkovlarda ham portlashlar sodir etilgan. Cherkovlarda bu vaqtda Pasxa bayrami munosabati bilan ibodatlar davom etayotgan edi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, portlashlar oqibatida halok bo‘lganlar soni 185 nafarni tashkil qilmoqda. Shuningdek, 500 nafarga yaqin kishi jarohatlangan.

Mahalliy matbuotda tarqatilgan xabarlarga ko’ra, qurbonlar orasida chet ellik sayyohlar ham bor. Ular mehmonxonada qolayotgan sayyohlar bo‘lgan, ularning qaysi davlatlar fuqarolari bo‘lgani ma'lum emas.

BBC News xabar berishicha, halok bo’lganlar orasida kamida 9 nafar chet ellik sayyoh bor.

Ayni vaqtda mamlakatdagi barcha bayram tadbirlari bekor qilingan. 

Daily News gazetasi Shri Lankadagi portlashlarda 185 kishi halok bo’lganligini, 500dan ortiq kishi yaralanganligini yozdi.

Kimligi oshkor bo’lishini xohlamagan bir vakilning so’zlariga ko’ra, portlashlardan ba’zilari kamida ikki nafar xudkush bombachi tomonidan sodir etilgan.

Hozircha hujum uchun javobgarlikni hech bir terror guruhi o’z zimmasiga olmagan.

Shri Lanka davlat rahbari Maithripala Sirisena hodisalardan shok bo’lganligini bildirib, xalqni vazminlikka chaqirgan.

Mamlakat bosh vaziri Ranil Vickremesinghe teraktlarni qattiq qoralar ekan, “Butun Shri Lanka xalqini ushbu fojiali kunda bir yoqadan bosh chiqarishga va matonatli bo’lishga chaqiraman”,-dedi va hukumatni shoshilinch yig‘ilishga chaqirdi.

Moliya vaziri Mangala Samaraveera ham tvitterda teraktlarni “ko’plab begunoh insonlarning hayotiga zomin bo’lgan va o’ta puxta rejalashtirilgan isyon va qo’zg’alon chiqarish tashabbusi” deb atadi.

Mamlakatdagi so’ngi portlash poytaxtdagi hayvonot bog’i yaqinida ro’y bergan. Shu bilan bir kunning o’zida mamlakatda jami 8 marta portlash sodir etilgan.

Butun mamlakat miqyosida komendantlik soati joriy etildi.

 



Aloqador xabarlar