Ayasofiyada yangi qoidalar joriy etildi

15 yanvar kuni Ayasofiya yangi formatda ishlay boshladi. Chet ellik sayyohlar uchun unga kirish pullik bo‘lib, 25 yevroni tashkil etadi. Turk fuqarolari va masjidga tashrif buyuruvchi ibodatchilar uchun kirish bepul.

2089432
Ayasofiyada yangi qoidalar joriy etildi

 

Turkiya Prezidenti ma’muriyati qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi ijtimoiy tarmoqlarda Ayasofiya masjidi yana muzeyga aylanishi haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Bu haqda markazning X (sobiq Twitter)dagi xabarida aytiladi. 

“Ayasofiya masjidi yana muzeyga aylandi, degan iddaolar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Masjidga namoz o‘qish uchun kelganlar va madaniy maqsadda tashrif buyuruvchilarni ajratish hamda kirishda olomonning oldini olish bo‘yicha ishlar yakunlandi. 15 yanvardan boshlab yangi qoidalar joriy qilingan. Ushbu qoidalar doirasida Ayasofiya masjidini muzeyga aylantirish mumkin emas”, deydi rasmiylar. 

Markazning tushuntirishicha, namoz o‘qish uchun kelgan dindorlardan kirish uchun chipta xarid qilish talab etilmaydi, sayyohlar esa chipta sotib olishlari kerak. “Sayyohlik marshrutlarida xavfsizlik choralari ko‘rildi. Quloqchinlar tizimi va QR kodli ilova tufayli tashrif buyuruvchilar dindorlarni bezovta qilmasdan 23 tilda Ayasofiya haqida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi”, deyiladi xabarda. 

15 yanvar kuni Ayasofiya yangi formatda ishlay boshladi. Chet ellik sayyohlar uchun unga kirish pullik bo‘lib, 25 yevroni tashkil etadi. Turk fuqarolari va masjidga tashrif buyuruvchi ibodatchilar uchun kirish bepul. Ushbu qoidalar olti oy oldin ishlab chiqilgan.

Turkiya Madaniyat va turizm vazirligining tushuntirishicha, bunday qarorga jahon amaliyoti va ibodatxonaga kirishdagi navbatlarni bartaraf etish sabab bo‘lgan. Bunga parallel ravishda Turkiya rasmiylari Ayasofiyani qayta tiklash ishlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda. 

Sayyohlar uchun masjidning muzey qismiga kirish janubiy vestibyuldan tashkil qilingan, u yerda uchta chipta kassalari joylashgan. Ichkariga metall detektordan o‘tib, galereya qavatiga olib boradigan yo‘lak bo‘ylab kirish mumkin. U yerda Vizantiya davridagi mozaikalarni va masjidning ichki qismini deyarli to‘liq ko‘rish mumkin. Asosiy zalda namozgohlar joylashgan, hududning aksariyat qismiga kirish sayyohlar uchun imkonsiz bo‘ladi. 

Eslatma: 2020 yilning iyul oyida Turkiya Davlat kengashi Istanbuldagi Ayasofiyani muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi 1934 yilda qabul qilingan Mustafo Kamol Otaturk farmoyishini bekor qildi. Shundan so‘ng, ushbu majmuadan masjid sifatida foydalanilishi ma’lum bo‘ldi. 

Ayasofiya masjidga aylantirilishidan oldin unga kirish pullik edi. Turkiya Prezidenti ob’yektning maqomi muzeydan masjidga o‘zgartirilsa, kirish hamma uchun bepul bo‘lishini va’da qilgandi. Ayasofiya masjidiga har yili 3 milliondan ortiq kishi tashrif buyuradi. 


Tanlangan kalimalar: #Ayasofiya

Aloqador xabarlar