Alisher Navoiy devonining noyob qo‘lyozmasi nashr etiladi

“Alisher Navoiy izidan” xalqaro ilmiy ekspedisiyasi a’zolari Eron Islom Respublikasiga safar uyushtirdi. Unda bir qator o‘zbekistonlik olimlar ishtirok etdi.

2113712
Alisher Navoiy devonining noyob qo‘lyozmasi nashr etiladi

 

“Alisher Navoiy izidan” xalqaro ilmiy ekspedisiyasi a’zolari Eron Islom Respublikasiga safar uyushtirdi. Unda bir qator o‘zbekistonlik olimlar ishtirok etdi.

Safardan ko‘zlangan maqsad – Eron oliy ta’lim, ilmiy va madaniy markazlari faoliyati bilan tanishish, xususan, Alisher Navoiy qadamjolariga borish hamda ulug‘ mutafakkir bobomiz hayoti va ijodiga oid manba va qo‘lyozmalarni topib tadqiq qilishdir.

Safar davomida olimlar Tehron shahrida joylashgan Eron Milliy kutubxonasiga tashrif buyurdi. U yerda Alisher Navoiy she’rlaridan tuzilgan dastlabki devon – “Badoye’ ul-bidoya”ning 1501 yili ko‘chirilgan qo‘lyozmasi saqlanadi. Mazkur qo‘lyozma 2021 yilda o‘zbek olimi doktor Saidbek Boltaboyev tomonidan aniqlanib, navoiyshunoslikka ma’lum qilingan edi. Hozirga qadar fanga “Badoye’ ul-bidoya” ning sakkiz nusxasi ma’lum bo‘lib, bu devon Navoiy umrguzaronligi vaqtida ko‘chirilgan sakkizinchisi ekanligi bilan ahamiyatli.

Buning ustiga, hozirga qadar mazkur qo‘lyozma tarkibi ilm ahliga yaxshi ma’lum emas. Ayni devon tarkibidagi she’rlar bilan batafsil tanishish navoiyshunoslik uchun yangi xulosalarga olib kelishi mumkin.

O‘zbekistonlik olimlar Eron Milliy kutubxonasi rahbariyati bilan uchrashuv chog‘ida mazkur qo‘lyozma bilan tanishish niyatida ekanligini bildirgach, kutubxona qo‘lyozmalar fondidagi Alisher Navoiy devonining asliyati bilan tanishish imkoni berildi. So‘ng olimlarimiz mazkur qo‘lyozmaning faksimilesini tayyorlash va nashr qilish ishlarini amalga oshirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Kutubxona vakillari esa bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, shu kabi nashrlar o‘zaro madaniy aloqalarni yanada kuchaytirishi va bundan mamnun ekanliklarini ta’kidlashdi.


Tanlangan kalimalar: #Alisher Navoiy

Aloqador xabarlar