Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbir bo'lib o'tdi

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi arafasida O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganish va anglashga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy onlayn-tadbir tashkil etildi.

1585373
Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan tadbir bo'lib o'tdi

 

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi arafasida O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Alisher Navoiy ijodiy merosini o‘rganish va anglashga bag‘ishlangan madaniy-maʼrifiy onlayn-tadbir tashkil etildi.

Ushbu tadbir Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Istanbul universiteti va Istanbul tijorat instituti bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Onlayn-tadbirda Alisher Navoiy nafaqat O‘zbek adabiyoti, qolaversa, Turkiy dunyo va jahon adabiyoti rivojiga qo‘shgan benazir hissasi haqida aytib o‘tildi. Shu bilan birga O‘zbekiston Prezidentining 4 fevraldagi qarori bilan Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil qilingani, fondning asosiy maqsadi Alisher Navoiy hayoti, g‘oyalari va ilmiy-adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga yo‘naltirilgani taʼkidlandi.

Anjumanda Istanbul tijorat instituti direktori, professor Yusel Og’urlu O‘zbek tilida O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov sheʼridan misra keltirdi va uni sharhladi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva Alisher Navoiyning O‘zbek tili va adabiyotida rivoji, mavqei, buyuk alloma merosining maʼnaviy hayotimizdagi ahamiyati haqida aytib o‘tdi. Shuningdek, u O‘zbekistonda  tashkil etilayotgan Navoiyxonlik kechalariga urg‘u berib, ajdodlarimiz merosini targ‘ib etish borasida qilinayotgan ishlar va vazifalar  xususida to‘xtaldi.

Vebinarning asosiy bosqichi ilmiy-maʼrifiy shaklda bo‘lib o‘tdi. Unda Istanbul madaniyat universiteti professori Vahit Turk, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Ahmadjon Qurbonbekov, Istanbul universiteti dotsenti Reyile Kashgarli va boshqalar Navoiy merosining Turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatlar madaniyati va tarixida tutgan o‘rni haqida fikr yuritdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Bosh konsulxonasi O‘zbekiston Yoshlari umumjahon assotsiyatsisi ko‘magida Turkiyadagi O‘zbek talabalari ishtirokida Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan "Ajdodlar izidan" deb nomlangan anjuman tashkil qildi.

Onlayn-konferensiyada O‘zbek va Turk tilshunos va adabiyotshunoslari  Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat O‘zbek va Turkiy tilli xalqlar adabiyoti rivojida, balki jahon adabiyoti taraqqiyotida muhim  mavqega ega ekani haqida ilmiy maʼruzalar qilishdi. 

Maʼruzachilar, shuningdek, Turkiyada Alisher Navoiy hayoti va ijodi haqida tadqiqotlar olib borilayotgani, uning asarlarini nashrga tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganini bildirdi.

Anjuman doirasida Navoiy ijodi haqidagi videorolik namoyish etildi, shoir g‘azallaridan namunalar o‘qildi.



Aloqador xabarlar