O‘zbekistonning boy tarixiy merosi Turkiya OAV nigohida

Turkiyaning “Kerkük‘ün SESİ”  gazetasida  jurnalist  Ya. Gyungoraning “Xivani ko‘rmasdan qaytmang!” va “O‘zbekiston — ochiq chehrali insonlar yurti” sarlavhali maqolalari chop etildi.

1654735
O‘zbekistonning boy tarixiy merosi Turkiya OAV nigohida

 

Turkiyaning “Kerkük‘ün SESİ”  gazetasida  jurnalist  Ya. Gyungoraning “Xivani ko‘rmasdan qaytmang!” va “O‘zbekiston — ochiq chehrali insonlar yurti” sarlavhali maqolalari chop etildi.

Har ikkala maqolada O‘zbekistonning boy tarixiy, ilmiy va madaniy merosi atroflicha qalamga olingan.

Xususan, “Xivani ko‘rmasdan qaytmang!” sarlavhali maqolada  muallif o‘quvchilarni o‘zining Xiva bo‘ylab sayohati tafsilotlari bilan tanishtirgan. Uning qayd etishicha, turkiy olamning zamonaviy dunyodagi o‘rnini to‘la anglash uchun Xivaning tarixiy diqqatga sazovor joylarini ziyorat qilmoq lozim.

“O‘zbekistondagi sayohatimizni navbatdagi manzili Xiva bo‘ldi, Orol dengizining janubidagi bu ertakmonand shahar Sharqda ham, G‘arbda ham cho‘llar bilan o‘ralgan bo‘lsa-da, ko‘hna kentning go‘zalligi bizni o‘ziga jalb qildi, - deb yozadi muallif. - Xorazmshohlar davlati davrida tashkil etilgan shahar taxminan 2000 yillik tarixga ega. Tarixiy shahar Ichan qalʼa devorlari bilan o‘ralgan. Bugungi kunda Xiva shahri aholisining soni yuz mingga yaqindir. Urganch va Xiva shaharlarini o‘z ichiga olgan Xorazm viloyati shevasi turk tili shevasiga juda ham yaqin”.

Muallif gazetxonlarga Xiva shahri nomi qayerdan kelib chiqqani to‘g‘risidagi tarixiy maʼlumotlarni ham taqdim etgan.  “Maʼlumotlarga ko‘ra, Xiva nomi Nuh payg‘ambarning o‘g‘li Som bilan bog‘liq. Som o‘z qavmini qutqarish uchun cho‘lga yo‘l oladi va uzoq safardan so‘ng bir mintaqaga keladi. Atrof cho‘l bo‘lganligi uchun ular suvsiz qoladi. Som u bilan birga safarga chiqqanlarga quduq qazish uchun joy ko‘rsatadi, biroz qazigandan so‘ng toza suv chiqadi. Suv topilganidan sevinganlar “Xey-vak” (shirin suv) deya shodlanishadi. Vaqt o‘tishi bilan bu so‘z Xiva shakliga ko‘chadi”, - deb yozadi nashr.

Xiva madrasalar shahridir. O‘nlab inshoatlar ichidagi Muhammad Aminxon madrasasi O‘rta Osiyoning eng katta madrasasi hisoblanadi. U 1850-1854 yillar oralig‘ida o‘sha davrning hukmdori Muhammad Aminxon tomonidan barpo etilgan.

Muallifning yozishicha, Xivada ziyorat qilish kerak bo‘lgan joylar juda ko‘p. Jumladan, “Ayoz qalʼa”, “Tuproq qalʼa” va “Qizil qum cho‘li” ana shunday qadamjolardir. “Ichan qalʼa tomon yursangiz balandligi 7 metr va uzunligi 2 ming 200 metr masofali himoya uchun loydan qurilgan devorlar sizni qarshi oladi. Qalʼa ichida 54 ta tarixiy obida, 360 xonadon mavjud”, - deya qayd etiladi maqolada.

 “Xiva shahridagi obidalarning barchasi qadimiy. Tarixiy tor ko‘chalar va bu yerdagi odamlar huddi tarixiy muhitda yashayotgandek”, - deb yozadi jurnalist Ya. Gyungora.

“Kerkük‘ün SESİ”  gazetasida chop etilgan  “O‘zbekiston — ochiq chehrali odamlar yurti” nomli maqolada esa mamlakatimizning boy tarixiy merosi,  muqaddas ziyoratgohlar, xalqimiz samimiyati va jahonda davom etayotgan pandeyamiyaning respublika iqtisodiyotiga taʼsirini yumshatish borasida amalga oshirilayotgan diqqatga molik ishlarga alohida eʼtibor qaratilgan.

Maqolada butun dunyo koronavirus bilan kurashayotgan bir davrda O‘zbekiston o‘z hududida ushbu kasallik sonining kamligi, ijtimoiy-iqtisodiy sohada tashlayotgan dadil qadamlari bilan jahon jamoatchiligi eʼtiborini tortayotgani maʼlum qilingan. Nashrning eʼtirof etishicha,  “mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlar har sohada eʼtiborni tortmoqda. O‘zbekiston pandemiya davrida ham xavfsiz sayyohlikni taʼminlash borasida har tomonlama kafolat bermoqda. O‘zbekistonda nafaqat ko‘plab mehmonxonalar, balki aholi uchun ham rang-barang uy-joylar qurilishi jadal davom etmoqda”.

U Buxoro va Samarqand bo‘ylab sayohati xususida to‘xtalar ekan, ushbu tarixiy shaharlarda o‘zini xuddi ming bir kecha ertaklari qahramonlaridek his qilganini taʼkidlaydi. “Mamlakat katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan madaniyat o‘chog‘i hisoblanadi, - deb yozadi muallif. - Ilm-fan ahli, sanʼatkor va allomalari bilan tarixga muhr urgan bu shaharlardagi islom meʼmorchiligi eng yuksak darajada ekanligiga amin bo‘lasiz. Buxoro va Samarqand shaharlari islom madaniyatining o‘chog‘idir”.

 


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Xiva , #O'zbekiston , #Kerkük‘ün SESİ

Aloqador xabarlar