Toshkentda “O‘zbek xalq dostonlari ijrosi” mavzusida ilmiy anjuman o‘tkazildi

Tadbir doirasida “Alpomish” xalq dostonining turli muqobillari va “Baxshi to‘plami” audio albomlarini o‘zida jamlagan kitob taqdimoti o‘tkazildi.

1752165
Toshkentda “O‘zbek xalq dostonlari ijrosi” mavzusida ilmiy anjuman o‘tkazildi

 

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida “O‘zbek xalq dostonlari ijrosi” mavzusida ilmiy anjuman o‘tkazildi.

Anjumanda YUNЕSKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi vakillari, mazkur sohaning yetakchi mutaxassislari, folklor va xalq dostonlari sohasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar hamda xalq og‘zaki ijodiga qiziqqan maktab o‘quvchilari qatnashdi.

Tadbir doirasida “Alpomish” xalq dostonining turli muqobillari va “Baxshi to‘plami” audio albomlarini o‘zida jamlagan kitob taqdimoti o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 16 dekabr kuni "Baxshichilik san’ati" YUNЕSKOning insoniyat nomoddiy madaniyati merosi ro‘yxatiga kiritilgan edi. Bu esa, O'zbekistonda o‘zbek xalq og‘zaki ijodining yorqin namunasi bo‘lgan baxshichilik san’atini saqlab qolishga qaratilayotgan e’tibor xalqaro miqyosda e’tirof etilganining tasdig‘idir.

Mutaxassislarning fikricha, “Alpomish” o‘zbek xalq dostonining qirqdan ortiq muqobili mavjud bo‘lib, u Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo baxshichilik maktablarida ijro uslublarining xilma-xilligi bilan ajralib turadi.

Tadqiqotchi O‘ktam Hakimov o‘z ijodiy ekspeditsiyalari davomida 18 ta baxshichilik dostonining ijodiy turkumlarini to‘plab, nashrga tayyorladi. Kitobda dostonlar ijrosining o‘ziga xosligi, jonli musiqa, ovoz va ustoz-shogird an’analariga alohida e’tibor berilgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Abdunazar Poyonovning ta’kidlashicha, kitob matnining o‘zi jonli musiqa va so‘zlar uyg‘unligida jonli qo‘shiqqa aylanib, odamlar ruhiyati va qalbiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda, “Baxshi to‘plami” audio albomi o'zbek xalqining boy madaniy merosini asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga yetkazishning eng maqbul va samarali yo‘llaridan biridir.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston

Aloqador xabarlar