Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamlik o‘yinlari bo‘lib o‘tadi

Dunyoning 60 ga yaqin mamlakatidan sport jamoalari qatnashadigan mazkur sport o‘yinlarini tashkil etish borasida Turkiya sport tashkilotlari, o‘yinlarni o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan tashkiliy qo‘mita tomonidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.

1845050
Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamlik o‘yinlari bo‘lib o‘tadi

 

Joriy yilning 9-18 avgust kunlari Turkiyaning Konya shahrida V Islom birdamlik o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Dunyoning 60 ga yaqin mamlakatidan sport jamoalari qatnashadigan mazkur sport o‘yinlarini yuqori darajada tashkil etish borasida Turkiya sport tashkilotlari, o‘yinlarni o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan tashkiliy qo‘mita tomonidan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. 
 
Tashkiliy qo‘mita o‘yinlarning reglamenti va musobaqalarda qatnashadigan jamoalardan kelib tushgan talabnomalar asosida davlatlar nomini e’lon qildi. 
 
Ma’lumki, joriy yil Xitoyda o‘tishi kerak bo‘lgan yozgi Osiyo o‘yinlarining epidemiologik vaziyat tufayli bir yilga kechiktirilishi Islom birdamlik o‘yinlarini yilning asosiy sport tadbiri maqomiga olib chiqdi. 
 
Boshqa davlatlar qatori O'zbekiston sportchilarining ham ushbu Konya bahslarida munosib ishtirok etishi kunning muhim masalasiga aylandi. Bu borada O'zbekiston Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda sport federatsiyalari hamkorligida tayyorgarlik dasturi ishlab chiqildi. Musobaqalar, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari rejasi tasdiqlandi. 
 
Sportni rivojlantirish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, V Islom birdamlik o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 23 sport turida 270 ga yaqin sportchilar bilan qatnashishi rejalashtirilmoqda. E’tiborlisi, ular orasida jamoaviy sport turlarining borligi mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar samarasidir. 
 
Bo‘lajak o‘yinlarda O'zbekistonning gandbol va 3x3 basketbol bo‘yicha ayollar jamoasi medallar uchun kurash olib boradi.

V Islom birdamlik o‘yinlari nizomiga ko‘ra, jamoaviy sport turlariga ajratilgan kvotalar bo‘yicha jahon reytingidagi mos davlatlar tanlab olindi. Ushbu sport turlarining erkaklar, shuningdek, voleybol hamda futbol bo‘yicha ham erkaklar, ham ayollar jamoalari kerakli reyting pog‘onalariga ko‘tarila olmagani bois bu yilgi Islom birdamlik o‘yinlarida qatnasha olmaydigan bo‘ldi. 
 
Tafakkur olamining ustunlaridan biri Jaloliddin Rumiyga so‘nggi makon bo‘lgan Konyada o‘tadigan V Islom birdamlik o‘yinlarining murosasiz bellashuvlariga qur’a tashlash marosimi joriy yilning 3 iyulida bo‘lib o‘tadi.


Tanlangan kalimalar: #Konya , #Turkiya

Aloqador xabarlar