20-iyul – Butunjahon shaxmat kuni...

Sport, fan, sanʼat... Chinakam shaxmat oʻyinida bularning bari mujassam. Uning jozibali ohanrabosi, insonga taʼsir etish kuchining siri ham shunda.

1462715
20-iyul – Butunjahon shaxmat kuni...

 

Shaxmat taxtasida sport, fan va sanʼat sehri mujassam

20-iyul – Butunjahon shaxmat kuni

Inson tafakkurining yuksak mahsuli – shaxmat asrlar osha bashariyatni hayrat dovonlari aro yetaklab keladi. Asrlar mobaynida davr imtihonlaridan oʻtib, ulugʻ kishilar tahsiniga sazovor boʻlgan, dunyo xalqlari hayotidan, umumjahon madaniyati tarixidan munosib oʻrin egallab kelayotgan aql-idrok oʻyini bugungi kunda ham barchaning sevimli mashgʻulotidir.

Binobarin, shaxmat inson qalbidan qaynab chiqqan tuygʻular, yolqin hislar, aql-tafakkur bilan uygʻunlashadi. Shaxmat taxtasining har bir katagida sirli olam yashirin. U kishini mushohada tarozisida tortilgan fikrlar, joʻshqin hislar girdobi hamda kurash maydoniga yetaklaydi.

Sport, fan, sanʼat... Chinakam shaxmat oʻyinida bularning bari mujassam. Uning jozibali ohanrabosi, insonga taʼsir etish kuchining siri ham shunda. Shaxmat inson xarakterini tarbiyalab, “aql gimnastikasi” vazifasini oʻtaydi.

Oʻzbekiston jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri boʻlib kelgan. Oʻzining betakror tarixi va madaniyati, aql zakovati bilan lol qoldirib kelgan xalqimizning yuksak tafakkuri, intellektual salohiyati, ayniqsa, mustaqillik yillarida yosh shaxmatchilar tomonidan qoʻlga kiritilayotgan gʻalabalar misolida yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Oʻzbekiston shaxmatchilari 1992-yili shaxmat olamining eng nufuzli musobaqalaridan biri –Butunjahon shaxmat olimpiadasida mustaqil jamoa sifatida ilk bor ishtirok etib, kumush medalni qoʻlga kiritgan.

Jumladan, birgina Rustam Qosimjonov qayd etgan natijalari Oʻzbekistonda shaxmat qay darajada rivojlanganini koʻrsatib turibdi.Rustam 10 yoshida Oʻzbekiston chempionligini qoʻlga kiritdi. 1994-yilda xalqaro maydonda zafarli odim tashladi. Oʻsmirlar oʻrtasida Osiyo chempionatida gʻolib chiqqanida 15 yoshda edi. 1997-yili Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE oʻzining 68-kongressida Rustamga xalqaro grossmeyster unvonini berdi. 1998-yili 18 yoshida Osiyo chempionatida gʻolib boʻldi. 2002-yili Hindistonda eng kuchli grossmeysterlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon kubogida vitse-chempionga aylandi. 2004-yili Liviya poytaxti Tripoli shahrida FIDE shafeligida oʻtkazilgan shaxmat boʻyicha jahon chempionatida Rustam Qosimjonov jahon chempionligini qoʻlga kiritdi. Shu sababli 2004-yilning 13-iyul kuni Oʻzbekiston shaxmat tarixida alohida zarhal harflar bilan bitildi.

Ikki yil avval 13 yoshida xalqaro grossmeyster talablarini bajargan Nodirbek Abdusattorov dunyodagi eng yosh grossmeyster maqomiga ega boʻldi.Oradan qariyb bir yil oʻtib, Javohir Sindorov 12 yoshida ushbu yuksak unvonni qoʻlga kiritdi.

Oʻzbekistonlik shaxmatchi qizlarning yutuqlariga ham havas qilsak arziydi.Qizlar oʻrtasida birinchi grossmeyster Nafisa Moʻminovaning kichik singlisi Gulruhbegim Tohirjonovaning jahon chempionatida kuchli sakkizlikdan joy olganini ham olamshumul voqea sifatida eʼtirof etish mumkin.

Turkiyada oʻtkazilgan 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar oʻrtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi ishtirokchilari oʻrtasida mamlakat vakillari roʻyxatning eng yuqori pogʻonasida qayd etilgan.

Bugungi kunda FIDEga 200 ga yaqin mamlakat shaxmat federatsiyasi aʼzo. Dunyoda qariyb 800 mingdan ortiq kishi shaxmat bilan shugʻullanadi. Xalqaro musobaqalarda esa eng sara shaxmatchilar ishtirok etadi. Bunday katta raqobat bor musobaqalarda gʻolib boʻlish qiyin.Shu sababli Oʻzbeksportchilarining gʻalabalarini ulkan muvaffaqiyat sifatida qabul qilishimiz lozim.

 


Tanlangan kalimalar: #shaxmat , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar