MBAning afsonaviy o‘yinchisi Kobi Brayant vertolyot fojiasida halok bo'ldi

Ma'lum qilinishicha, basketbolchiga tegishli “Sikorsky S-76” vertolyoti 26 yanvar kuni soat 10:00 atrofida Kaliforniya janubidagi Kalabasas shahrida halokatga uchragan.

1348180
MBAning afsonaviy o‘yinchisi Kobi Brayant vertolyot fojiasida halok bo'ldi

 

Milliy basketbol assotsiatsiyasi MBAning afsonaviy o‘yinchisi Kobi Brayant Kaliforniyada shaxsiy vertolyotining qulashi oqibatida halok bo‘ldi.

Ma'lum qilinishicha, 41 yoshda bo’lgan basketbolchiga tegishli “Sikorsky S-76” vertolyoti 26 yanvar kuni soat 10:00 atrofida Kaliforniya janubidagi Kalabasas shahrida halokatga uchragan.

Vertolyotda Brayantdan tashqari yana 9 kishi, jumladan uning 13 yoshli qizi Janna Mariya, uning dugonasi otasi bilan birga bo‘lgan. Ularning barchasi halok bo‘lishgan. Brayant qizi bilan mashg‘ulotga ketayotgan bo‘lgan. 

Ta'kidlanishicha, voqea yuz bergan vaqtda halokat hududida tuman bo‘lgan. Guvohlarning ma'lum qilishicha, vertolyot halokatga uchrashi oldidan o‘z o‘qi atrofida aylana boshlagan. U qoyaliklarga urilib, yonib ketgan.

Aviahalokat sababi hozircha noma'lum. Tergov davom etmoqda.

Basketbolchining ortidan uning rafiqasi Vanessa va yana uch qizi Natalya, Byanka va yaqinda tug‘ilgan qizi Kapri qoldi.

Basketbolchining fojiali o’limi munosabati bilan ko‘plab taniqli insonlar, siyosatchilar va sport tashkilotlari hamdardlik bildirdi. Ular orasida AQSh prezidenti Donald Tramp, sobiq prezident Barak Obama, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro basketbol federatsiyasi ham bor. 

Brayant MBA tarixidagi 4-raqamli eng kuchli o‘yinchi hisoblanadi. U o‘z faoliyati davomida 33643 ochko yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. Sportchi 2008 va 2012 yillarda AQSh terma jamoasi safida Olimpiada chempioni bo‘lgandi.


Tanlangan kalimalar: #basketbol , #Kobi Brayant , #MBA

Aloqador xabarlar