lotin-yozuviga-asoslangan-yangi-ozbek-alifbosi-haqidagi-qonun-loyihasi-muhokama

Lotin yozuviga asoslangan yangi o'zbek alifbosi haqidagi qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi

O’zbekistonda hukumat qarori bilan 2023-yil 1-yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritishda lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosiga to‘liq o’tilishi ko’zda tutilgan

17 Mart 2021 15:05

Ma’lumki O’zbekistonda hukumat qarori bilan 2023-yil 1-yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritishda lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosiga to‘liq o’tilishi ko’zda tutilgan.

Bundan tashqari, OAV faoliyati, internet saytlari, nashriyotlar ham to’liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkaziladi.

Hozirda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida’gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Ushbu qonun loyihasining muhokamasi 31-martga qadar davom etadi.

Mazkur loyihaga ko’ra, O’zbekistonda lotin yozuviga asoslangan 28 harf va 1 ta harflar birikmasidan iborat yangi o‘zbek alifbosi taklif etilgan.

 

Mamlakatda lotin alifbosiga o'tish jarayoni

 

O'tgan oyda O'zbekiston hukumati lotin alifbosiga bosqichma-bosqich o'tish yo'l xaritasi to'g'risidagi qarorni tasdiqdan o’tkazdi.

O’zbekistonda rasmiy yozishmalarda hanuzgacha kirill alifbosi qo'llanib kelinayotgan bo'lsa, mamlakatdagi maktab va universitetlarda ta'lim lotin alifbosidagi o'zbekcha kitoblar asosida beriladi.

Bir vaqtning o'zida kirill va lotin alifbolaridan foydalanilayotgan O'zbekistonda lotin alifbosiga o'tish to'g'risidagi qonun 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan edi. 31 harfdan iborat ushbu alifbo 1995 yilda 29 harfdan iborat yangi lotin alifbosiga o’zgartirildi.

Mamlakatda hali ham eng munosib tarzda lotin alifbosini o'zbek tiliga moslashtirish borasida munozaralar davom etayotgan bo'lsa-da, aksariyat mutaxassislar 1993 yilda qabul qilingan lotin alifbosi o'zbek tiliga ko'proq mos keladi, degan fikrda.

Yangiliklar