o-zbekistonda-navro-z-bayrami-nishonlanmoqda

O‘zbekistonda Navro‘z bayrami nishonlanmoqda

O‘rta Osiyo xalqlari tomonidan asrlar davomida nishonlanib kelinayotgan, bahor elchisi Navro‘z O‘zbekistonda ham ko’tarinki ruhda nishonlanmoqda.

21 Mart 2022 17:13

Poytaxtdagi Humo Arenasida davlat rasmiylari, mamlakatdagi xorijiy missiya rahbarlari va ko‘plab mehmonlar ishtirokida rasmiy marosim bo‘lib o‘tdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Prezident Sh. Mirziyoyev Navro‘z milliy va an’anaviy bayram bo‘lib, asrlar davomida yangi yil va yangi kun sifatida nishonlanib kelinayotganini va bu bayramni so‘nggi ikki yildan beri odatdagidek nishonlay olmaganliklarini ta’kidladi.

U endilikda Navroʻz bayramini yana yuqori saviyada nishonlashlarini aytdi.

Mirziyoyev oʻrta asrlarning buyuk allomasi Hakim Tirmziy oʻzining “Navroʻznoma” kitobida Navroʻz dushanba kuniga toʻgʻri kelsa, yomgʻir-qor koʻp boʻlishini, hosil moʻl boʻladigan yil boʻlishini taʼkidlaganligini eslatib o’tdi.

Mirziyoev yoshlar mustaqil, ozod va obod yurtda voyaga yetayotganini ta’kidlab:

 “Bu qadriyatlar, shubhasiz, bebaho xazina va katta baxt, ayni paytda abadiy mas’uliyatdir. Sizlar bugun boshlangan buyuk ishni ertaga davom ettirasiz. Siz zamonaviy bilim va kasbni puxta egallashingiz, muqaddas Vatanimizni qo‘riqlashingiz, unga hamisha sodiq bo‘lishingiz kerak, biz intilayotgan yuksak maqsadlarga erishish hech qachon oson bo‘lmaydi”,-degan.

 U o‘zlari maqsad qilgan Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Uyg‘onish davrini xalqning buyuk qudratidan quvvat olib, bugungi va kelajak avlodlar barpo etishini bildirgan .

Ma’ruzadan so‘ng xalq kuylari va raqslari o’rin olgan konsert dasturi namoyish etildi.

Mehmonlarga o‘zbek palovi va sumalak  tortiq etildi.

O‘zbekistonda mart oyi davomida bayram tantanalari davom etadi.

 

Yangiliklar