24 Nisan 2021 13:38
Qirg’iziston-Turkiya Manas universiteti rektori Alpaslan Jeylan 25 yillik faoliyati davomida 100 dan ortiq qoya rasmlarini o'rgangan. Olimning fikricha, Oltoydan Anatoliyagacha bo'lgan hududdagi toshlardagi rasmlarni o'rganish, tiklash va ilmiy jamoatchilikka tanitish kerak. Chunki tosh rasmlari turk tarixi uchun juda muhimdir.
Alpaslan Jeylanning yozishicha, O'rta Osiyoning turkiy qabilalari bir vaqtlar Kaspiy dengizidan o'tib, hozirgi Gruziya hududidan Anatoliyaga o'tgan. Turk qabilalari o'z madaniyatini o'zlari bilan olib ketishgan. Shuning uchun petrogliflar Sharqiy Anatoliyada keng tarqalgan.
U qoya rasmlari turkiy madaniyatning barcha elementlarini o'z ichiga olganligini ta'kidladi. Shuning uchun turk dunyosi tosh rasmlari haqida batafsil ma'lumotga ega bo'lishi va buni har tomonlama o'rganishi kerak. Shu sababli, Qirg'iziston-Turkiya Manas universiteti 25 yillik yubileyi arafasida O'rta Osiyodan Anatoliyagacha bo'lgan turkiy madaniyat izlarini aks ettiruvchi tosh rasmlarning alohida to'plamini nashr etishga tayyorlanmoqda.
"Qoya rasmlari - tarix muhridir"
Qoya toshlaridagi rasmlar - bu paleolitdan o'rta asrlarga qadar insoniyat jamiyatining turli davrlariga oid yodgorliklar. Dastlabki paleolit rasmlari juda sodda edi.
Alpaslan Jeylan turk madaniyati elementlarini o'z ichiga olgan rasmlarni batafsil o'rganish kerak, deb hisoblaydi.
“Oltoy va Mo'g'ulistonda toshlarga chizilgan rasmlarning ayrim namunalarini Markaziy Osiyo, Eron, Ozarbayjon, Gruziya va Anatoliyada topish mumkin. Masalan, O'rta Osiyo va Oltoy toshlaridagi ovchilar, kiyiklar, otlar, itlar, tuyalar, otliqlar va karvonlar tasvirlari Anado’ludagi toshlarda ham uchraydi”, - dedi u. Shu sababli, Anadoludagi tosh rasmlarini o'rganishda O'rta Osiyo va Kavkaz madaniyatini e'tiborsiz qoldirib bo'lmaydi.
“Qoya rasmlari tarixning muhridir. Uni himoya qilish bizning asosiy vazifamizdir. Bu kelajak avlodlarga qoldirilgan eng muhim milliy merosimizdir. Bizning asosiy maqsadimiz uning ma'nosi va ahamiyatini yoshlarga yetkazib berishdir”, - dedi u.
Qirg'izistonda o'n minglab qoya rasmlari mavjud
Qirg'izistonda Buyuk Ipak yo'li bo'ylab, joylashgan qoyalarga chizilgan o'n minglab rasmlar mavjud. Ularni O'sh, Jalolobod, Talas, va Issiqko'l viloyatlarida topish mumkin. Ularning barchasi ochiq havoda joylashgan.