ozbekistonda-alifbo-islohi

O'zbekistonda alifbo islohi

O'zbekiston Madaniyat vazirining davlat tili masalalari bo'yicha maslahatchisi, tilshunos olim Ma'rufjon Yo’ldoshev mamlakatning lotin alifbosiga o'tish jarayoniga munosabat bildirdi

07 Nisan 2021 11:24

O’zbekistonda rasmiy yozishmalarda hanuzgacha kirill alifbosi qo'llanib kelinayotgan bo'lsa, mamlakatdagi maktab va universitetlarda ta'lim lotin alifbosidagi o'zbekcha kitoblar asosida beriladi.

Bir vaqtning o'zida kirill va lotin alifbolaridan foydalanilayotgan O'zbekistonda lotin alifbosiga o'tish to'g'risidagi qonun 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan edi. 31 harfdan iborat ushbu alifbo 1995 yilda 29 harfdan iborat yangi lotin alifbosiga o’zgartirildi.

Ma’lumki, O’zbekistonda hukumat qarori bilan 2023-yil 1-yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosiga to‘liq o’tilishi ko’zda tutilgan.

Bundan tashqari, mahalliy bosma va elektron OAV, internet saytlari, nashriyotlar, matbaa korxonalari faoliyatining to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o’tkazilishi kutilmoqda.

Shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va xorijlik fuqarolarining O’zbekiston hududida yashashi haqidagi ruxsatnomalar, ish qog’ozlari, turli blanklar va hujjatlar, mamlakatdagi hudud va ko’cha nomlari, atamalar, tashkilotlarning nomlari, bannerlar, reklama va e’lonlarning ham to’liq lotin yozuvida bo’lishini ta’minlash rejalashtirilgan.

 

“Turkiy tilli mamlakatlar o'rtasida umumiy alifboni ta’sis etish yo'lida muhim qadam tashlanadi”

 

O'zbekiston Madaniyat vazirining davlat tili masalalari bo'yicha maslahatchisi, tilshunos olim Ma'rufjon Yo’ldoshev mamlakatning lotin alifbosiga o'tish jarayoniga baho berdi.

Mustaqillik qo'lga kiritilgandan so'ng amalga oshirilgan eng jiddiy o'zgarishlardan biri 1993 yilda lotin harflari asosidagi o'zbek alifbosining qabul qilinishi bo'lganligini ta'kidlagan M. Yo’ldoshev ushbu o'zgarish kirill alifbosidagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va siyosiy jihatdan ham mustaqillikni mustahkamlash uchun amalga oshirilganligini ta’kidladi.

Mamlakatda 2023 yilda lotin harflariga moslashtirilgan yangi o'zbek alifbosiga to'liq o'tish to'g'risida qarorning qabul qilinganligini va bu bilan bog'liq bo'lgan yo'l xaritasi ishlab chiqilganligini eslatib o’tgan M. Yo’ldoshev, yangi alifboni tayyorlash bo'yicha ishchi guruh tuzilganligini ma’lum qildi.

U ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan yangi alifboda, undan foydalanishni yengillashtirish maqsadida ba’zi harflarning yozilishiga o’zgartirishlar kritilganligini aytgan.  Xususan, o' va g', shuningdek,  sh, ch harf birikmalarini yozish va o'qish oson bo’lishi uchun turk tilidagi kabi  ş (sh), ç (ch), ğ (g’) va ustida chiziqcha bolgan o (o’) harflariga o'zgartiriladi.

30 yillik jarayondan keyin  O'zbekiston 2023 yilda lotin alifbosiga to’liq o'tishini aytgan Yo'ldashev:

“Lotin alifbosiga o'tadigan barcha turk davlatlari uchun yangi alifbomiz yanada tushunarli bo'ladi. Lotin alifbosiga to’liq o'tish O'zbekistonni turkiy tilli mamlkatlarga yanada yaqinlashtiradi. Shunday qilib, turkiy zabon mamlakatlar o'rtasida umumiy alifboni ta’sis etish yo'lida muhim qadam tashlanadi",-dedi.

Yangiliklar