qrim-tatarlarining-say-harakatlari-natijasida-ikkita-cherkov-yana-masjidga-ayla

Qrim tatarlarining sa'y-harakatlari natijasida ikkita cherkov yana masjidga aylantirilgan

Usmoniylar imperiyasi tarkibida bo’lgan 19 ta mamlakatni tadqiq qilgan Turk me'mori Mehmet Emin Yilmaz Qrimdagi qayta masjidga aylantirilgan binolar haqida ma'lumot berdi

28 Şubat 2021 13:29

Turk me'mori Mehmet Emin Yilmaz Usmoniylar imperiyasi tarkibida bo’lgan 19 ta mamlakatni tadqiq qildi va "Cherkovga aylantirilgan turk me’moriy asarlari" nomli kitob yozdi.

Ushbu kitobda Ozarbayjon, Bosniya va Gertsegovina, Bolgariya, Jazoir, Armaniston, Kipr, Gruziya, Xorvatiya, Chernogoriya, Qrim, Kosovo, Vengriya, Makedoniya, Moldova, Ruminiya, Serbiya, Ukraina, Gretsiya va Turkiyadagi cherkov binolari tarixi yoritilgan.

Yilmazning so'zlariga ko'ra, Qrimda cherkovga aylantirilgan 7 masjid bo’lgan. Qrim tatarlarining sa'y-harakatlari natijasida ikkita cherkov yana masjidga aylantirilgan. Qaytarib olinmagan binolardan biri cherkov bo'lib qoldi, qolgan to'rttasi esa vaqt o’tib yo’q bo’lib ketgan.

Dastlab masjiddan cherkovga, keyinchalik cherkovdan masjidga aylantirilgan binolardan biri Qrimning Kafa viloyatidagi Muftiy masjididir.

Masjid 1623-yilda qurilgan. Rossiya imperiyasi Qrimni qo'shib olgandan so'ng, 1787-1932 yillarda masjid arman katolik cherkoviga aylantirildi.

1995-yilda Qrim tatarlari o'z vataniga qaytgach, binodan yana masjid sifatida foydalanilgan.

Kafa hududidagi cherkovga aylantirilgan yana bir bino - Sayyid Muso Afandi masjidi. 1665-yilda qurilgan masjid 1787 yilda Arman katolik cherkoviga tegishli bino sifatida ishlatila boshlandi. Keyinchalik bino yoqib yuborilgan. Ayni paytda uning qoldiqlarigina mavjud.

18-asrda barpo etilgan Jamoliddin afandi masjidi 1928-yilda Sovet Ittifoqi tomonidan yopilib, minorasi vayron qilingan. Masjid 1947-yilda protestantlarga ijaraga berilgan. Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin o'z vataniga qaytib kelgan tatarlar binoni yana masjidga aylantirdilar.

1703-yilda Kerchda qurilgan Qal’a masjidi ham 1799-yilda  buzilib, uning o'rniga yangi cherkov qurildi.

Kerchda yana uchta musulmon masjidi bor edi. Rossiya Kerch shahri ustidan hukmronligini o'rnatganidan keyin ular cherkovga aylantirildi va Ikkinchi Jahon urushi paytida yo'q qilindi.

Sudakdagi Qal’a masjidi bir marta emas, balki uch marta cherkovga aylantirildi. Masjid eng qadimiy turk-islomiy obidalaridan biridir. Masjid XIII asrda saljuqiylar tomonidan qurilgan. Bugungi kunda tarixiy masjid muzey sifatida ishlatilmoqda.

Masjiddan cherkovga aylantirilgan yana bir bino – Bog’chasaroydagi Juma masjidi XVI-XVII asrlarda qurilgan. Juma masjidi 1928-yildan keyin Sovetlar davrida ombor sifatida ishlatilgan.

Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin esa pravoslav nasroniylarga cherkov sifatida berilgan.

 

 

 

Yangiliklar