turkiya-ozbekiston-ozarbayjon-uch-tomonlama-tashqi-ishlar-vazirlari-savdo-va-t

Turkiya-O'zbekiston-Ozarbayjon uch tomonlama Tashqi ishlar vazirlari, Savdo va Transport vazirlari yig'ilishi nihoyasiga yetdi

Toshkentda o'tkazilgan Turkiya-O'zbekiston-Ozarbayjon uch tomonlama Tashqi ishlar vazirlari, Savdo va Transport vazirlari yig'ilishi nihoyasiga yetdi

02 Ağustos 2022 17:49

Turkiya, O‘zbekiston va Ozarbayjon tashqi ishlar, savdo va transport vazirlari uch davlatning mushtarak kun tartibidagi masalalar, xususan, Kaspiy dengizi o‘tish Sharq-G‘arbiy markaziy koridor bo‘yicha koordinatsiya va hamkorlikni oshirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilgan uchrashuvdan so‘ng, ushbu uch tomonlama mexanizm asosida vazirlar uchrashuv yakunlari boʻyicha Toshkent deklaratsiyasini qabul qildilar.

Yig‘ilishda Turkiyadan -Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘li, Savdo vaziri Mehmet Mush, Transport va infratuzilma vaziri Adil Karaismailog‘li;

Ozarbayjondan vakillari - Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov, Raqamli rivojlanish va transport vaziri Reshat Nebiyev, Iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov;

hamda  O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov, Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Tashqi savdo va investitsiyalar vaziri o‘rinbosari Laziz Qudratov ishtirok etdi.

Uchrashuvdan soʻng boʻlib oʻtgan brifingda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Vladimir Norov “Oʻzbekiston-Ozarbayjon-Turkiya” uch tomonlama muloqotining birinchi uchrashuvi muvaffaqiyatli yakunlanganini taʼkidlab, Ozarbayjon va Turkiyaga  ushbu hamkorlik formatini yoʻlga qoʻyish tashabbusi va hamkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.

Tadbir oliy darajada erishilgan kelishuvlarni hayotga tadbiq etish masalalarini muhokama qilish, shuningdek, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan.

Uchrashuv kun tartibidan tashqi siyosat va mintaqaviy hamkorlik, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi munosabatlarni kengaytirish, transport-kommunikatsiya sohasida mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash masalalari o‘rin olgan edi.

Xususan, uchrashuv ishtirokchilari uch mamlakat o‘rtasidagi tashqi siyosat, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya sohalarida aloqalarni faollashtirish  istiqbollarini muhokama qilgan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Mazkur sammit doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi hamda uchrashuv  yakunlari ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun o‘tkaziladigan brifingda yoritildi.

Mazkur uchrashuvni o‘tkazish tashabbusi Ozarbayjon tomonidan ilgari surilib, O‘zbekiston va Turkiya uni qo‘llab-quvvatlagan.

Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “To‘siqlarsiz Markaziy Osiyo”ni yaratish, odamlar va tovarlarning erkin harakatlanishiga xalal berayotgan to'siqlarni  bartaraf etish tashabbusiga to‘liq mos keladi.

O‘zbekiston rahbarining yondashuvlari qo‘shni va hamkor davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, mintaqadagi ijobiy o‘zgarishlarga asos bo‘lmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya o‘zaro hamkorlikni ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatlarda faol rivojlantirmoqda.

Xususan, ushbu uch davlat BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘ygan.

Shu nuqtai nazardan, Toshkent uchrashuvi nafaqat O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon, balki ushbu davlatlar joylashgan mintaqalar o‘rtasidagi ishonchli va strategik sheriklik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi salmoqli qadam bo‘lgan.

Yangiliklar