turkiya-tashqi-ishlar-vaziri-mevlud-chavusho-g-lu-anqarada-qozogistonlik-hamkas

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho’g’lu Anqarada qozog'istonlik hamkasbi Muxtor Tleuberdi bilan uchrashdi

Uchrashuvdan so'ng tomonlar qo'shma matbuot anjumani o'tkazdilar

17 Mart 2021 18:44

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho’g’lu Anqarada qozog'istonlik hamkasbi Muxtor Tleuberdi bilan uchrashdi.

Uchrashuvdan so'ng tomonlar qo'shma matbuot anjumani o'tkazdilar.

Chavusho’g'lu bir necha kun oldin rasmiy tashrif bilan Markaziy Osiyoda bo’lganligini va Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdining Turkiyaga tashrifi turkiyzabon mamlakatlar o'rtasidagi yaqin aloqalarning isboti ekanligini aytdi.

O'z navbatida u Qozog'istonni mustaqilligining 30 yilligi bilan tabrikladi.

Muxtor Tleuberdining Anqaraga tashrifi chog'ida Qozog'iston-Turkiya Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining 4-yig'ilishiga tayyorgarlik ko'rildi. Shuningdek qo'shma strategik rejalashtirish guruhining yig'ilishi bo'lib o'tdi. Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, mudofaa, madaniy-gumanitar sohalardagi dolzarb hamkorlik yo'nalishlari bo'yicha fikr almashdilar.

Ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka to'xtalib, Chavusho'g'lu, pandemiyaga qaramay, savdo aylanmasi kamaymaganligini aytdi. U Qozog'iston va Turkiya o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard, keyinroq esa 10 milliard dollarga yetkazish kutilayotganini aytgan.

Chavusho’g'lu, ikki mamlakat o'rtasidagi ba'zi kelishuvlarni yangilash ko’zda tutilganligini bildirdi. Qozog'iston-Turkiya Oliy darajali strategik hamkorlik kengashining 4-yig'ilishida 20 ga yaqin hujjatni imzolash rejalashtirilgan.

Tomonlar Turk Kengashi doirasida turkiy tilli davlatlar o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va kun tartibidagi xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

31-mart kuni Turkistonda Turk Kengashiga a'zo davlatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvi bo'lib o'tadi. Rasmiy sammit esa joriy yil oxirida Turkiyada o’tkaziladi. Turkiya Turk Kengashi raisligini Ozarbayjondan qabul qilib oladi.

"Bizning maqsadimiz mintaqaviy tashabbuslarni hamda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashdir"

Chavusho’g'lu, Turkish Airlines aviakompaniyasining pandemiya oldidan Turkiya-Qozog'iston yo'nalishi bo'yicha mavjud bo’lgan parvozlarini qayta boshlashni taklif qilgan.

Ta'kidlash joizki, Turkiya Osiyo mamlakati sifatida yangi tashabbusni boshladi. Ushbu tashabbusning maqsadi Osiyo bilan mustahkam aloqalarni o'rnatish va Turkiyaning dunyoning birinchi va ikkinchi iqtisodiy zonalarida pozitsiyasini kengaytirishdir. M. Chavusho’g'lu, o'z navbatida, Osiyo tashabbusini qo'llab-quvvatlagani uchun Qozog'istonga minnatdorchilik bildirdi.

Yangiliklar