turkiyaning-hatay-shahrida-turkiy-tilli-davlatlar-mustaqilligining-30-yilligiga

Turkiyaning Hatay shahrida turkiy tilli davlatlar mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlangan rasm ko'rgazmasi ochildi

Ochilish marosimida Qozog'iston, Qirg'iziston, O'zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjonning Turkiyadagi elchilari ishtirok etdi

02 Nisan 2021 21:24

Turkiyaning Hatay shahrida turkiy tilli davlatlar mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlangan rasm ko'rgazmasi ochildi. Ochilish marosimida Qozog'iston, Qirg'iziston, O'zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjonning Turkiyadagi elchilari ishtirok etishdi.

Hatay hokimi Rahmi Do’g’an turkiy tilda so'zlashadigan mamlakatlar o'rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish zarurligini ta'kidlab o’tdi.

O'z navbatida, u ko'rgazmaning ochilishiga kelgan elchilarga minnatdorchilik bildirdi.

TURKSO’Y Bosh kotibi Dusen Kaseinov qadimgi sivilizatsiya shahri bo'lgan Hatayda turkiy tilli davlatlar mustaqilligining 30 yilligiga bag'ishlangan fotoko'rgazmani ochish katta baxt ekanligini aytdi.

“So'nggi 30 yil ichida turkiy tilli davlatlar erishgan yutuqlarni ko'rish biz uchun katta sharafdir. TURKSO’Y bundan buyon ham a'zo davlatlardan kuch olib, xalqlarimiz o'rtasidagi madaniy sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan ko'plab loyihalarni amalga oshirishda davom etadi", - dedi u.

O'z navbatida u Turkiyaga qardosh mamlakatlarni qo'llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi. U birodarlik aloqalari kundan-kunga mustahkamlanib, yangi loyihalar amalga oshirilayotganini ta'kidladi.

Ozarbayjon Respublikasining Turkiyadagi elchisi Hazor Ibrohim turk va ozarbayjon xalqlari bir millat, ikki davlat ekanligini ta'kidladi.

Qirg'iziston Respublikasining Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Kubanichbek O’muraliyev bundan roppa-rosa 30 yil oldin turkiyzabon davlatlar o'zlarining ozodligi, suvereniteti va mustaqilligini e'lon qilganida tarixda yangi sahifa ochilganini ta'kidladi.

Shuningdek, O'zbekiston Respublikasining Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher Agzamxo'jayev va Turkmaniston Respublikasining Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ishankuli Amanaliev ham birdamlikning ahamiyatiga diqqat qaratdilar.

"Turkiy tilli davlatlar mustaqilligining 30 yilligi" nomli fotosurat ko'rgazmasi TURKSOY va Hatay hokimiyati tomonidan tashkil etilgan.

Yangiliklar